Kengash hamda Rayosat aʼzolari uchun (jami 50 nafar) Oʼzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʼgʼrisida”gi yangi qonuni hamda boshlangʼich kasaba uyushmasi tashkilotlarida boʼlib oʼtadigan hisobot-saylovlar yuzasidan 1 kunlik oʼquv-mashgʼulot tashkil etildi.
Oʼzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan joriy yilning 25 yanvar kuni Elektromagnit moslashuv markazining “Oq tosh” dam olish maskanida Kengash hamda Rayosat aʼzolari uchun (jami 50 nafar) Oʼzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʼgʼrisida”gi yangi qonuni hamda boshlangʼich kasaba uyushmasi tashkilotlarida boʼlib oʼtadigan hisobot-saylovlar yuzasidan 1 kunlik oʼquv-mashgʼulot tashkil etildi.
Shuningdek, mashgʼulotda kasaba uyushmalari faoliyatlarini yanada samarali tashkil qilish, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ish hujjatlarini yuritish, kasaba uyushmalarida moliyaviy intizom, xullas, kasaba uyushma qoʼmitalari faollari uchun zarur boʼladigan barcha jarayonlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashkil etilgan oʼquv-mashgʼulotlar mavzulari hozirgi kundagi dolzarb masalalardan kelib chiqqan holda tanlangan boʼlib, maʼruzalar tajribaga ega boʼlgan yetuk mutaxassislar tomonidan taqdimot usulida olib borildi.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasining amaldagi “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari toʼgʼrisida”gi qonuni 1992 yil 2 iyulda, yaʼni bundan 27 yil ilgari qabul qilingan boʼlib, 3ta bob va 22 ta moddadan iborat edi. Qonunga 2001 yil 7 dekabrda va 2016 yil 28 noyabrda qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritilgan boʼlsada, u asosan deklarativ xarakterda boʼlib, aniq, toʼgʼridan - toʼgʼri amal qiluvchi huquqiy normalar deyarli keltirilmagan.
Shu bilan birga, 1992 yildan beri oʼtgan vaqt mobaynida “Oʼzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʼgʼrisida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʼgʼrisida”gi, “Ijtimoiy sheriklik toʼgʼrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʼgʼrisida”gi qonunlari va boshqa qonunlar, shuningdek Mehnat kodeksi qabul qilindiki, amaldagi “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari toʼgʼrisida”gi qonun bu qonunlarga mos kelmay qoldi.
Loyiha 2019 yil iyunь oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʼqishda koʼrib chiqildi. Muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtirildi va 2019 yil 24 oktyabr ikkinchi oʼqishga kiritildi. Loyiha shu majlisning oʼzida uchinchi oʼqishdan ham oʼtkazilib, Oliy Majlis Senatiga maʼqullash uchun yuborish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.
Oliy Majlis Senati 2019 yil 30 noyabr kuni oʼzining 4-yalpi majlisida mazkur loyihani koʼrib chiqib maʼqulladi. Qonun 9 ta bob 56 ta moddadan iborat boʼlib, avvalgi qonunga nisbatan bir qator yangi aniq, toʼgʼridan-toʼgʼri amal qiladigan normalarni oʼz ichiga olgan.
Qonunni ishlab chiqishdan asosiy maqsad - Xalqaro Mehnat tashkilotining Konventsiyalariga mos ravishda kasaba uyushmalarining huquq va vakolatlarini hamda kasaba uyushmasiga birlashish imkoniyatlarini kengaytirish, kasaba uyushmalari organlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazishni soddalashtirish, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda asosiy institutlardan biri boʼlgan mehnat inspektsiyalarini qayta tiklash, mehnat sohasida ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni tartibga soluvchi normalarni qonuniy mustahkamlash, amaldagi qonunda bor boʼlgan havolaki va deklarativ xarakterdagi normalarni bartaraf etishda iborat boʼldi.
Bundan tashqari, oʼquv mashgʼulot davomida bu yilgi hisobot-saylovlarni oʼtkazish tartibi, tayyorlanadigan hujjatlar toʼplami boʼyicha aniq tavsiyalar berildi.
Jumladan, hisobot-saylov yigʼilishi (konferentsiyasi) boshlangʼich kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyatida muhim va katta voqea hisoblanadi. Chunki, yigʼilishda (konferentsiyada) boshlangʼich tashkilotning hisobot davridagi faoliyati tahlil qilib chiqiladi, kasaba uyushmasi aʼzolari bilan hamkorlikda kelgusida faoliyatni yanada kuchaytirish va takomillashtirish borasida yaqin kelajakka moʼljallangan ustuvor vazifalar belgilab olinadi.
Shu bilan birga, boshlangʼich tashkilotning hisobot-saylov yigʼilishi (konferentsiyasi) unga jiddiy tayyorgarlik koʼrishni, ularga tayyorgarlik koʼrish va oʼtkazish ishlariga kasaba uyushmasi tashkilotining faollarini ham keng jalb etishni, hisobot-saylov yigʼilishini (konferentsiyasini) amaldagi meʼyoriy hujjatlar va yuqori kasaba uyushmasi organlari qarorlariga rioya etgan holda oʼtkazish va yigʼilish (konferentsiya) hujjatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taqozo qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining 2019 yil 25 dekabrdagi 16-5-sonli “Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni oʼtkazish toʼgʼrisida”gi qaror bilan tasdiqlangan Nizom asosida oʼtkazilishi lozimligiga alohida urgʼu berildi.
Tashkil etilgan oʼquv mashgʼulotidan olingan bilimlar soha xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning manfaatlarini huquqiy himoyalash, tizim rivoji uchun xizmat qiladigan islohotlarning samarali amalga oshirilishiga yaqindan yordam beradi.