O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari Kasaba uyushmasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya sohasidagi korxona, muassasa, tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlar va ta’lim olayotgan o‘quvchi-talabalarning ishlab chiqarish, kasbiy, ijtimoiy-iqtisodiy va mehnatga doir umumiy manfaatlarini ifoda etish hamda qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan, o‘zini o‘zi boshqaruvchi nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning tashkiliy-huquqiy shakli Respublika miqyosidagi jamoat birlashmasi hisoblanadi.
O‘zbekistonda aloqa sohasi xodimlarining kasaba uyushmasi alohida jamoat birlashmasi sifatida o‘z faoliyatini 1968 yildan boshlagan.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishganidan so‘ng tarmoq kasaba uyushmalari faoliyatida ham tubdan yangilanish va taraqqiyot davri boshlandi. Mustaqil O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasining Ustavi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1991 yilning 7 iyunida ro‘yxatga olingan.
Tarmoq kasaba uyushmasi o‘zining ramziga (belgisiga) ega. Mazkur ramz Markaziy qo‘mita Rayosatining 1997 yil 5 fevraldagi 10-12-raqamli qarori bilan tasdiqlangan va 1997 yil 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Kasaba uyushmasi faoliyatining asosiy tamoyili hisoblangan tripartizm, ya’ni “Kasaba uyushmasi – davlat organlari – ish beruvchilar”ning o‘zaro hamkorligi va ijtimoiy sherikligi ramzda yaqqol ifodalangan.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasining 2015 yil 7 avgust kuni o‘tkazilgan VIII-Qurultoyida yangi tahrirdagi Ustav tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2015 yil 21 sentyabr kuni 432-p-son – raqam bilan qayta ro‘yxatga olingan.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga a’zo tashkilot bo‘lib kirgan hamda o‘z safida Respublika iqtisodiyotining axborotlashtirish va ommaviy kommunikatsiya sohasida mehnat qilayotgan xodimlarni birlashtiradi.