Kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lish juda oddiy.
Agar siz mehnat qilayotgan korxona, tashkilot, muassasada kasaba uyushmasi tashkiloti tuzilgan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi (kasaba uyushmasi tashkilotchisi)ga ariza bilan murojaat eting.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi (kasaba uyushmasi tashkilotining umumiy yig‘ilishi) arizangizni ko‘rib chiqib, sizni a’zolikka qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va sizga yagona namunadagi a’zolik bileti beriladi.
Kasaba uyushmasi a’zoligiga qabul qilish sanasi tegishli qaror qabul qilingan kundan hisoblanadi.
Agar siz a’zolikka qabul qilingandan so‘ng bir tarmoq tizimidagi korxona, tashkilotdan boshqa tarmoq tizimidagi korxonaga ishga, tegishlicha bir tarmoq kasaba uyushmasidan boshqa tarmoq kasaba uyushmasiga o‘tsangiz, mehnat faoliyatingizni vaqtincha yoxud butunlay to‘xtatsangiz, kasaba uyushmasi tashkiloti bilan aloqani uzmaslik va a’zolik badallarini to‘lab turish sharti bilan, kasaba uyushmasiga a’zoligingiz saqlanib qolinadi.
Kasaba uyushmasi a’zosi:
kasaba uyushmalaridan bepul huquqiy yordam olish, davlat, sud va mulk shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik organlarida mehnat munosabatlariga oid masalalar bo‘yicha kasaba uyushmalarining himoyasida bo‘lish;
kasaba uyushmalari organlariga saylash va saylanish, yuqori kasaba uyushmalari organlariga murojaat etish;
kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarida ishtirok etish, o‘z fikrini erkin bayon qilish, o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar ko‘rilayotgan majlis, yig‘ilish yoki konferentsiyalarda shaxsan ishtirok etish;
kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriy va dam olish maskanlarida o‘z salomatliklarini tiklash, farzandlarini bolalar oromgohlarida dam oldirish bo‘yicha imtiyozli yo‘llanmalar olish, kasaba uyushmalarining madaniyat muassasalari va sport inshootlaridan foydalanish huquqlariga ega.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Axborot texnologiyalari xodimlari kasaba uyushmasining Ustavlariga rioya etish, kasaba uyushmasi organlari qarorlarining, jamoa shartnomalari va kelishuvlarining bajarilishiga ko‘maklashish, kasaba uyushmalari faoliyatida faol ishtirok etish kasaba uyushmasi a’zosining burchi hisoblanadi.
Kasaba uyushmasiga a'zo bo'lish uchun tegishli hujjatlar na'munalari