O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida” qonunining 24-moddasida, NNT va FJBIlarning ijtimoiy sheriklik sohasidagi majburiyatlari quyidagicha belgilangan:
Nodavlat notijorat tashkilotlari va Fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
o‘z faoliyatining ochiqligi va shaffofligini;
ijtimoiy sheriklik sohasidagi bitimlar va shartnomalar, dasturlar va loyihalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini;
ijtimoiy sheriklik doirasida faoliyatni amalga oshirish chog‘ida fuqarolarning manfaatlari va ehtiyojlari hisobga olinishini;
ijtimoiy sheriklik doirasida taqdim etilgan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkdan maqsadli foydalanilishini ta’minlashi shart.
NNTlari va FJBIlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonunning 26-moddasiga asosan, davlat organlari ijtimoiy sheriklik sohasidagi majburiyatlari belgilangan bo‘lib, ular:
faoliyatning NNT va FJBIlarini qo‘llab-quvvatlashni talab qiladigan ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashi, shu jumladan, NNT va FJBIlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish orqali aniqlashi;
NNT va FJBIlariga ular ijtimoiy sheriklikda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
NNT va FJBIlarining tashabbuslari hamda takliflarini, shu jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslari hamda takliflarini ko‘rib chiqishi;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining borishi bo‘yicha zarur hollarda jamoatchilik muhokamasini tashkil etishi, shuningdek NNTlari va FJBIlarining ularni amalga oshirish samaradorligini yuksaltirishga doir takliflarini ko‘rib chiqishi;
NNTlari va FJBIlari bilan oldindan maslahatlashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazilishini ta’minlashi;
ijtimoiy sheriklik sohasidagi bitimlar va shartnomalar, dasturlar hamda loyihalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashi shart.
Davlat organlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.