Саволлар ва жавоблар:
Korxonada shtatlar qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish ish beruvchining tashabbusi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining (keyingi o‘rinlarda O‘zR MK deb yuritiladi) 100-modda 1-qismi nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi asosli bo‘lishini taqazo etadi. Ya’ni, ish beruvchining hech bir asossiz, o‘z ixtiyoricha bunday qarorga kelishi qonunga ziddir.
Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi mehnat shartnomasini O‘zR MKning 100-moddasi 2-qismi 1-bandiga ko‘ra bekor qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni, ya’ni oxirgi ish kuni, ish beruvchi xodimga mehnat daftarchasini, mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruqning nusxasini va xodimga tegishli bo‘lgan ish haqini berishi shart (MKning 108-moddasi).
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishda bo‘lmagan xodimga, ish beruvchi o‘sha kuniyoq xodimga pochta orqali, mehnat daftarchasini olib ketishi to‘g‘risida oxlantiruvchi xabarnoma yuborishi kerak.
Bunda xabarnoma berilgan sana yozilgan pochta kvitantsiyasini saqlab qo‘yish lozim bo‘ladi.
Agar xodim mehnat daftarchasini olish uchun kelmasa, kadrlar bo‘limi uni o‘zida ikki yil saqlaydi, so‘ngra arxivga yuboradi.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan xodim shaxsiy varaqasiga hamda o‘zining mehnat daftarchasini olgani haqida mehnat daftarchalari hisobini yuritish jurnaliga imzo chektirilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 97-moddasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir:
- taraflarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra (MK 97-moddasining 1-bandi) ;
- taraflardan birining (xodim yoki ish beruvchi) tashabbusi bilan, ya’ni, xodimning tashabbusi (MK 99-moddasi) yoki ish beruvchining tashabbusi (MK 100-moddasi);
- shartnoma muddatining tugashi bilan (MK 105-moddasi);
- taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan xolda (MK 106-moddasi);
- mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra;
- xodimning yangi muddatga saylanmaganligi, tanlov bo‘yicha yoxud saylovda (tanlovda) qatnashish rad etilganda.
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida” qonunining 24-moddasida, NNT va FJBIlarning ijtimoiy sheriklik sohasidagi majburiyatlari quyidagicha belgilangan:
Nodavlat notijorat tashkilotlari va Fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
o‘z faoliyatining ochiqligi va shaffofligini;
ijtimoiy sheriklik sohasidagi bitimlar va shartnomalar, dasturlar va loyihalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini;
ijtimoiy sheriklik doirasida faoliyatni amalga oshirish chog‘ida fuqarolarning manfaatlari va ehtiyojlari hisobga olinishini;
ijtimoiy sheriklik doirasida taqdim etilgan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkdan maqsadli foydalanilishini ta’minlashi shart.
NNTlari va FJBIlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonunning 26-moddasiga asosan, davlat organlari ijtimoiy sheriklik sohasidagi majburiyatlari belgilangan bo‘lib, ular:
faoliyatning NNT va FJBIlarini qo‘llab-quvvatlashni talab qiladigan ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashi, shu jumladan, NNT va FJBIlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish orqali aniqlashi;
NNT va FJBIlariga ular ijtimoiy sheriklikda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
NNT va FJBIlarining tashabbuslari hamda takliflarini, shu jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslari hamda takliflarini ko‘rib chiqishi;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining borishi bo‘yicha zarur hollarda jamoatchilik muhokamasini tashkil etishi, shuningdek NNTlari va FJBIlarining ularni amalga oshirish samaradorligini yuksaltirishga doir takliflarini ko‘rib chiqishi;
NNTlari va FJBIlari bilan oldindan maslahatlashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazilishini ta’minlashi;
ijtimoiy sheriklik sohasidagi bitimlar va shartnomalar, dasturlar hamda loyihalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashi shart.
Davlat organlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida” qonunining 5-moddasida, davlat organlari, NNTlari va FJBIlari bilan ijtimoiy sherikligining asosiy sohalari belgilangan bo‘lib ular quyidagilardan iborat:
Ijtimoiy sheriklik quyidagi sohalarda amalga oshirilishi mumkin:
aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qo‘llab-quvvatlash va uning ijtimoiy faolligini oshirish;
aholining bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlikni rivojlantirish;
atrof-muhitni, aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish;
har tomonlama barkamol va sog‘lom yosh avlodni shakllantirish, yoshlarga bilim berish, ularni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash va kasbga yo‘naltirish;
onalik va bolalikni, shuningdek xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy hayotida to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, sog‘lom oilani shakllantirish;
fan, ta’lim, axborotlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish;
aholining huquqiy bilimlari, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlat asoslarini mustahkamlash;
millatlararo, madaniyatlararo totuvlik va fuqarolar totuvligi g‘oyalarini mustahkamlash, ko‘p asrlik, an’anaviy ma’naviy-axloqiy hamda tarixiy-madaniy qadriyatlarni tiklash va saqlash;
iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish.
Ijtimoiy sheriklik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa sohalarda ham amalga oshirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida” qonunining 3-moddasida, “ijtimoiy sheriklik” tushunchasiga xuquqiy ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, “Ijtimoiy sheriklik davlat organlarining Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari (FBJI) bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorligidir.
Davlat organlari, NNTlar va FJBIlari ijtimoiy sheriklik sub’ektlari bo‘lib hisoblanadi”.
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida” qonuni Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi tomonidan 2014 yil 18 iyunda qabul qilingan bo‘lib, Senat tomonidan 2014 yil 28 avgustda ma’qullangan. Mazkur Qonun 5 ta bob va 30 ta moddadan iborat bo‘lib, “Halq so‘zi” gazetasida 29 sentyabr kuni chop etildi va 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab amalga kiritildi.