MUHIM MAVZULARDA SEMINAR

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyati axborot – kutubxona markazida Buxoro viloyati hududidagi aloqa tizimi korxona-tashkilotlari, viloyat, shahar va tuman AKM lari kasaba uyushma qoʻmitalari raislari va masʼul xodimlari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi yangi Mehnat Kodeksi hamda “Mexnatni muxofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va targʻib etishga bagʻishlangan oʻquv seminari oʻtkazildi.

Maʼlumki,  Mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini  taʼminlash hamda ularni  muvofiqlashtirish asosida  yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita  bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.

Seminarda soʻz olgan  Oʻzbekiston axborot texnologiyalari  va ommaviy kommunikatsiya  xodimlari  kasaba uyushmasi  Ryespublika kengashi  bosh huquq inspektori Abduvohid Axmedov  kun tartibidagi  ushbu masala boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bayon etar ekan, Mehnat  kodeksida  yakka tartibdagi mexnatga oid munosabatlarni  huquqiy jixatdan tartibga solishning bir qator   asosiy prinsiplari,  ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish tartibi, shuningdek, aholining  ijtimoiy extiyojmand toifalari, ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari aniq-ravshan koʻrsatib oʻtilganligini, shu bois  Mehnat kodeksi maʼlum maʼnoda  barcha ish beruvchilar va kasaba uyushmasi faollari uchun asosiy dasturilamal boʻlishi zarurligini qayd etdi.

Seminar kun tartibidagi  navbatdagi muhim masala –Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi  qonuniga  hamda amaldagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish korxonalarida bajarilishi lozim boʻlgan dolzarb  vazifalar boʻyicha soʻzga chiqqan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari  Fyederatsiyasi  Buxoro viloyati kasaba uyushma tashkilotlari kengashi  mehnat texnik inspektori  Hayitbek Barnoyev  ishlab chiqarishdagi  baxtsiz xodisalarning oldini olishda ish beruvchilar bilan birga kasaba uyushma qoʻmitalari zimmasida ham juda katta masʼuliyat borligini, mexnat va yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilingandagina  kelib chiqishi mumkin boʻlgan noxush hollarga batamom chek qoʻyilishi mumkinligini taʼkidlab oʻtdi. Bu boradagi xayotiy misollar, aniq dalillar  tinglovchilar eʼtiboriga havola etildi.

Tadbir yakunida  oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi munosabati bilan ham bir qator fikr muloxazalar bildirilib, viloyat AKM  abonentlar boʻlimi mudiri Maʼrifat Abdurahmonovaning mavzu yuzasidan maʼruzasi tinglandi.

Seminar soʻngida ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob qaytarildi.