Yangi Mehnat Kodeksi: amaliyot, nazariya va savollar

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kyengashi poytaxtimizda joylashgan «IT-Park» hududidagi “Oʻzbektelekom” AK yangi binosining majlislar zalida joriy yilning 16-avgust kuni videokonferensiya aloqa tizimi orqali oʻquv-seminar tashkil etdi.

Mazkur oʻquv seminar shu yilning 30-aprelidan amaliyotga joriy etilgan Oʻzbekiston Respublikasining yangi Mehnat Kodeksiga doir boʻlib, unga qaratilgan normalar kasaba uyushmalari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni xal etish, oʻzaro fikr almashish va eng asosiysi huquqiy bilimlarni yanada mustaxkamlashga qaratildi.

Dastavval oʻquv-seminar ishiga moderatorlik qilgan Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjayev, bugungi kunda birinchi navbatda ijtimoiy sheriklik asosida myehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib ish oʻrinlarini yaratish, mehnat muhofazasini va yoshlarni bandligini taʼminlash, xodimlarga qulay ishlab chiqarish muhitini yaratish, huquqiy, ijtimoiy kafolatlarni va ijtimoiy himoyani taʼminlash, maʼnaviy-maʼrifiy, intellektual salohiyatni koʻtarish borasida kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan ishlarda kechayotgan tub oʻzgarishlar haqida soʻz yuritdi.

Prezidentimizning 2022-yil 28-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini hayotga tadbiq etilishi, yuqorida qayd etib oʻtilgan vazifalar ijrosini taʼminlashga oʻzgacha yondoshuvni talab etib, joylarda uning mazmun-mohiyati yuzasidan targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish talab etilmoqda.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 16 bob, 581 moddani oʻz ichiga oldi. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish hususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qoʻshildi. Aynan shu normalarni hayotda samarali tatbiq etishda mehnat bozori ishtirokchilari, ishchi-xodimlar, ish beruvchilar, ish izlovchilar hamda vakolatli tashkilot va idoralar masʼullariga hujjatdagi moddalarning mazmun-mohiyatini sodda, aniq va toʻgʻri tushuntirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mehnat bozorining kelajakdagi rivoji uchun xizmat qiladigan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilamoqda.

Tashkil etilgan seminarda yangi mehnat kodeksida ishga qabul qilish bosqichlari, ishga qabul qilish chogʻidagi tanishtirish tartib-taomili, mehnat shartnomasi shartlari boʻyicha taraflarning kelishuvlari, xodimni ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq, ishga qabul qilish haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish,  ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini taʼminlash,  mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlari boʻyicha kiritilgan normalar haqida  Oʻzbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining bosh yuristkonsulti Normamat Sattarovdan batafsil maʼlumot tinglandi.

Kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy vazifalaridan biri bu joylarda xodimlar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish va mehnat muhofazasini taʼminlashga qaratilgan.

Mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy hususiyatga ega shartnomalar tuzish haqidagi baxs-muzokaralar Oʻzbekiston kasaba uyushmalar Federatsiyasining mehnatni muhofaza qilish boʻlimi mudiri Nodira Gaibnazarova ishtirokchilarga havola qilgan  taqdimotiga ulandi.

Hususan, ish beruvchi oʻz kasbiy va ishchanlik sifatlari boʻyicha tegishli ishni bajarish uchun zarur boʻlgan malaka talablariga muvofiq keladigan xodim bilan tuziladigan meʼyoriy hujjatlar, ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxsdan Mehnat kodeksida, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish, masofadan ishlash tartibi, mehnatga haq toʻlash, ragʻbatlantirish, mukofot pullarini va mehnat taʼtillarini berish tartiblari yuzasidan berilgan savollarga javob berildi.

Seminar kun tartibidagi masaladan biri - ijtimoiy sheriklik, jamoa shartnomalari va kelishuvlari, jamoa shartnomalarini tuzish, jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazish, qabul qilingan jamoa shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish va saqlash, ijtimoiy himoya, bandlikka koʻmaklashish, mehnatga haq toʻlash toʻgʻrisida boʻlib, bu yoʻnalishda Respublika kengashining ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha bosh mutaxassisi Yunus Gapurov taqdimoti  tinglandi.

Ishtirokchilar diqqatiga xavola qilingan mazkur taqdimotda yangi Mehnat Kodeksining normalaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy sheriklik – yaʼni, xodimlar ish beruvchilar, davlat organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tizimi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni hamda ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga bagʻishlangan boʻlimida keltirilgan imtiyozlarga alohida urgʻu berildi.

Jumladan, xodimning shaxsiy maʼlumotlarini faqatgina  ishchining  oʻzining yozma roziligi bilangina taqdim etilishi, davlat tomonidan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha ish oʻrinlarini, ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar mehnat qilishi uchun tashkilotlarni tashkil etish, maxsus qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash kabi qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydigan normalar yuzasidan tushuntirish berildi.

Mazkur seminarda ishtirok etgan sal kam 600ga yaqin tinglovchilarning savol-javoblari bilan qizgʻin kechgan oʻquv mashgʻuloti natijasi, normativ huquqiy hujjatlarini hisobga olgan holda ijtimoiy munosabatlarini tartibga solishdagi huquqiy normalarni jamlagan Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi endilikda kasaba uyushmalarining faoliyatini samaradorligini taʼminlashda, hususan xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining mutanosibligini, individual mehnat va u bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarini tartibga solishdagi dasturiy amal sifati xizmat qiladi.