Prezidentimiz 2021 yil 27 may kuni “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasi kattalar shifoxonasidan ajratilib, alohida markazga aylantirildi. Bu muassasa uchun barcha talablarga javob beradigan yangi zamonaviy bino qurildi va joriy yilning yanvar oyida ish boshladi.
Bolalarning davolanishi bilan birga ta’lim-tarbiya ishlariga ham katta e’tibor qaratildi. Bu erda “Zamin” fondi ko‘magida qurib bitkazilgan va Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi 40 o‘rinli maktab, 30 o‘rinli bog‘cha tashkil etilgan. “Mehrli maktab” va “Ilk qadam” nomli ta’lim-tarbiya maskanida bolalar bilim olib, qiziqarli mashg‘ulotlarni o‘rganmoqda.
Joriy yilning 20 iyunь kuni Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari U.Sharifxo‘jaev va “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori T.Muxamadiev ushbu davolash maskaniga tashrif buyurib, bu erda davolanayotgan va ta’lim olayotgan bemorlar xolidan xabar olishdi. “Mehrli maktab”da ta’lim olayotgan bolalar uchun homiylik asosida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan 400 nomdagi 5000 nusxadan ortiq turli mavzudagi o‘zbek va jahon adabiyotining bolalarga atalgan durdona asarlari markazga sovg‘a qilindi. Kitob to‘plamlari tarzidagi sovg‘alarni “Mehrli maktab” direktori Nigora Alimova “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori To‘lqin Muxamadievdan qabul qilib oldi.
Kitobdan yaxshi do‘st yo‘q deydilar. Shu ma’noda davolanayotgan har bir bola bilan suhbat o‘tkazilib, ularning tezroq sog‘ayib ketishi va taqdim etilgan hamda o‘zlari yoqtirgan mavzudagi kitoblarni uylariga ham olib ketishlari uqtirildi. Eng asosiysi ular tezroq sog‘ayib ketishlari va kelgusida Yangi O‘zbekistonning munosib bunyodkorlari bo‘lib etishiga tilaklar bildirildi. Suhbat davomida bolalar ko‘zlaridagi quvnoqlik, mehr barchaning ko‘ngliga shodlik ulashdi.
Xalq ta’limi vazirligi mazkur tashabbus uchun “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyiga minnatdorchilik bildirdi.