O‘zbekistonning asosiy qonuni va mustaqillik timsollaridan biri madhiyaning 29 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya va Madhiya istiqlol hamda milliy g‘urur timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
2021-yil 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda 10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun, shuningdek, O‘zbekistonning asosiy qonuni va mustaqillik timsollaridan biri madhiyaning 29 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya va Madhiya istiqlol hamda milliy g‘urur timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Vazirlik markaziy apparati departament, boshqarma va bo‘limlar boshliqlari, tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirni kirish va tabrik so‘zi bilan ochgan AKT vaziri o‘rinbosari J.Egamberdiyev, mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganidan buyon o‘tgan 29 yil mobaynida uning qoidalari hayotga izchil joriy etilganligi, hayotimizning barcha jabhalarida ilgari yutuqlarga erishilayotganligi, aynan mana shu hujjat sabab yurtimizda fuqarolar va millatlararo totuvlik ta’minlanib, turmush farovonligi yildan-yilga ortib borayotganligi, ijtimoiy-madaniy rivojlanish, ta’lim, ilm-fan sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishib kelinayotganligini alohida qayd etib, Davlat madhiyasi esa Konstitutsiyamizda mustaqilligimiz timsoli ekanligi huquqiy asosda mustahkamlab qo‘yilganligi bilan birga, uning ma’no va mazmuni yaqqol ifodalab berilganligi, unda xalqimizning boy tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topganganligi, uning har bir misrasida o‘z iga xos ramziy ma’no borligini ta’kidladi.
Shuningdek, AKT vaziri o‘rinbosari J.Egamberdiyev, o‘zini O‘zbekiston fuqarosi deb hisoblagan har bir inson jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashni o‘zining muqaddas vazifasi deb bilishi, Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarashi zarurligini alohida e’tirof etdi.
Bundan tashqari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o'rinbosari M.Qur'onov Vazirlik xodimlarini yurtimiz hayotidagi mazkur ikki muhim sana bilan samimiy qutlab, Konstitutsiya va Madhiyaning nafaqat jamiyat, balki har bir inson hayotida tutgan o‘rni hamda ahamiyati to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning farzandi, dotsent Sh.Oripova davlat madhiyasining yaratilish tarixiga shaxsan guvoh bo‘lganligini va bu jarayonda shoirning ichki kechinmalari, harakatlari haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan she’rlar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari tashkil etilib, badiiy chiqishlari namoyish qilindi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan universitetda tashkil qilingan ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Vazirlik vakillarining kitob va kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularni yangi nashr etilgan kitoblar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi MCHJ tomonidan kitob yarmarkasi tashkil qilindi.
Tadbir ko‘tarinki kayfiyatda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist A.Yo‘ldoshevning Vatan haqidagi qo‘shig‘i bilan yakunlandi.
Bu kabi tadbirlar Vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlarda davom etmoqda.
Манба: http://mitc.uz