“Ayollarda kechadigan stressli holatlar va uning echimlari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish hamda huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va ularni samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha “Ayollarda kechadigan stressli holatlar va uning echimlari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda Samarqand davlat tibbiyot instituti psixologlari Dilorom Jo‘raeva hamda Anora Sulaymonovalar ma’ruza qilishdi.
Psixologlar ta’kidicha, inson organizmining haddan tashqari zo‘riqishi salbiy emotsiyalar yoki oddiygina zerikishga bo‘lgan javob reaktsiyasidir. Stress chog‘ida inson organizmi echim izlashga undaydigan adrenalin gormoni ishlab chiqaradi. Kichik miqdordagi stress hamma uchun kerak, chunki bu kishini fikrlashga, muammodan chiqish yo‘lini topishga undaydi, stresssiz hayot zerikarli bo‘lar edi. Boshqa tomondan, agar stress juda ko‘p bo‘lsa, tana zaiflashadi, kuchsizlanadi va muammolarni hal qilish qobiliyatini yo‘qotadi.
Shuningdek, seminarda stress alomatlari, turlari, asab tizimi holati, stressning oldini olish va davolash, stressga olib keluvchi omilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazish, stressli vaziyatning asl sababi nimada ekanligini aniqlash, ushbu vaziyatni o‘zgartira olishni baholash kabi ko‘plab fikrlar bayon etildi. Stress profilaktikasi bo‘yicha psixolog maslahati, qulay ish sharoitni yaratuvchi ehtiyojlar bo‘yicha ham fikr alamashdilar.
Bo‘lib o‘tgan seminar-treningni tashkil etishda filial psixologi Saodat Berdibekova, filial xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti raisi Nazokat Abdullaeva, yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi Yulduz Amonboevalar alohida o‘rnak ko‘rsatdilar.
– Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad ayollarimizni himoya qilish, huquqlarini kafolatlash, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya o‘yg‘otib, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko‘mak berish, – deydi Saodat Berdibekova.