TATU talabalari uchun amaliy mashg‘ulotlar

Amaliy mashg‘ulot davomida talabalarga optik tolali aloqa liniyalari tavsiflarini aniqlashning zamonaviy o‘lchash usullari namoyish etildi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchi talabalari ishtirokida “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi”da amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. “Metrologik ta’minot va zamonaviy telekommunikatsiya tarmoqlarida o‘lchashlar” mavzusidagi mashg‘ulotlar doirasida talabalar malakali soha mutaxassislari bilan muloqot qilish va telekommunikatsiya sohasidagi bilimlarini yanada boyitish imkoniga ega bo‘ldilar.
Bugungi kunda taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish zarur. Chunki axborot texnologiyalari iqtisodiyotning barcha sohalarida muhim rol o'ynaydi.  Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotga faol o'tish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu jarayonda albatta yosh kadrlar, ularning intellektual salohiyatini oshirish, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni parallel ravishda olib borish muhim ahamiyatga ega. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ana shu masalaga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Tadbirda kompaniya vakillari tomonidan talaba yoshlarga sohada amalga oshirilayotgan ishlar, “O‘zbektelekom” AK va uning filiallari, xususan “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi” filiali faoliyati haqida ma’lumot berildi. Amaliy mashg‘ulotlarda metrologik ta’minot tushunchasi, o‘lchashlarning hayotimiz va aloqa sohasida tutgan o‘rni haqida mulohaza yuritildi, o‘zaro fikr almashildi.
“Nazariyadan amaliyotga” tamoyili asosida uyushtirilgan tadbirning ikkinchi qismida telekommunikatsiya sohasidagi yangi bilimlarga chanqoq yoshlar “O‘zbektelekom” kompaniyasining zamonaviy o‘lchash vositalari va qurilmalari bilan jihozlangan laboratoriyasi faoliyati bilan tanishib, u yerda o‘tkaziladigan o‘lchash jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar.
Bu yerda Rohde & Shwarz, Iwatsu, Acterna, JDSU, Anritsu, HP kabi jahonning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan asbob-uskunalarning qo‘llanilish sohasi, texnik tavsiflari haqida keng tushuncha berildi. Yuksak texnologiyalar yordamida tarmoqda foydalanilayotgan o‘lchash vositalarining qo‘llashga yaroqliligi bo‘yicha xulosa berilishi aytib o‘tildi. “O‘zstandart” agentligi tomonidan ushbu laboratoriyaning noyobligi tan olinib, u xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilgan holda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Amaliy mashg‘ulot davomida talabalarga optik tolali aloqa liniyalari tavsiflarini aniqlashning zamonaviy o‘lchash usullari namoyish etildi.
Davra suhbatida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3-yo‘nalishi doirasida qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.