“Аloqa tarixi” muzeyida Oʼzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan amaliy oʼquv-seminari tashkil etildi.
Sohaning Toshkent shahridagi korxona va tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan 80dan ziyod boshlangʼich kasaba uyushmasi qoʼmita raislari ishtirok etgan ushbu tadbirda 2019 yil 6 dekabrda qabul qilingan “Kasaba uyushmalari toʼgʼrisida”gi qonunning amaliyotga tatbiqi hamda navbatdagi hisobot-saylov yigʼilishlarini qanday tashkil etish va oʼtkazish masalalari muhokama etildi.
– Toʼqqizta bob va 56 moddadan iborat yangi qonun har bir ishchi-xodimning ijtimoiy mehnat huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini taʼminlash, shuningdek, kasaba uyushmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – dedi tadbirda Respublika kengashi bosh yuriskonsulti Аbduvohid Аhmedov. – Shuningdek, mazkur loyihani ishlab chiqishda xalqaro huquqiy normalar va chet el tajribasi inobatga olingan. Kasaba uyushmalarining huquq va vakolatlarini kengaytirish, kasaba uyushmalari organlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazishni soddalashtirish, mehnat huquqini himoya qilishda asosiy institutlardan boʼlgan mehnat inspektsiyalarini qayta tiklash, mehnat sohasida Ijtimoiy sheriklik va Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni tartibga soluvchi normalarni qonuniy mustahkamlash kabi maqsadlar mujassam. Endilikdagi muhim vazifa yangi qonunning tatbiqi, qolaversa, soha xodimlarining faoliyatiga xizmat qilishida.
Ochiq muloqot tarzidagi seminarda hisobot-saylov yigʼilishi boshlangʼich kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyatida muhim va katta voqea ekanligi, unda hisobot davridagi faoliyati tahlil qilib chiqilishi, kasaba uyushmasi aʼzolari bilan hamkorlikda kelgusida faoliyatni yanada kuchaytirish va takomillashtirish borasida yaqin kelajakka moʼljallangan ustuvor vazifalar belgilab olinishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Bir tashkilot misolida interaktiv tarzda tashkil etilgan yigʼilish misolida soha korxona va tashkilot kasaba uyushmalari raislariga hisobot-saylov yigʼilishi (konferentsiya)ga jiddiy tayyorgarlik koʼrish, bu jarayonlarga kasaba uyushmasi tashkilotining faollarini ham keng jalb etish, hisobot-saylov yigʼilishini amaldagi meʼyoriy hujjatlar va yuqori kasaba uyushmasi organlari qarorlariga rioya etgan holda oʼtkazish va yigʼilish hujjatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga misollar bilan atroflicha javob qaytarildi. Qizgʼin bahs-munozaralarga boy oʼtgan tadbir boshlangʼich kasaba uyushmasi qoʼmita raislariga hisobot-saylov yigʼilishlari oldidan amaliy yordam boʼlib xizmat qiladi.