Soha kubogi uchun mini futbol (futzal) musobaqalari 2000 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinyapti. Bu yilgi final bosqichi o‘yinlariga 25—28 sentyabr kunlari Samarqand shahri mezbonlik qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar terma jamoalari hamda Toshkent shahridagi korxonalar jamoalari o‘rtasidagi saralash o‘yinlari g‘oliblari — “O‘zbektelekom” AK TShTT filiali, AT “Aloqabank” va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti futzalchilari — jami 16 ta jamoa respublika final bosqichida qatnashish uchun qadimiy va navqiron Samarqand shahriga etib keldi.
Final bosqichi o‘yinlari shahardagi “Sportning o‘yin turlari va engil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi”da bo‘lib o‘tdi.
Qur’aga ko‘ra, dastlab maydonga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyati terma jamoasi tushdi.
Umuman olganda, yillar davomida o‘tkazib kelinayotgan ushbu musobaqa yanada shiddat va shijoatga to‘lgani, jamoalar o‘rtasida raqobatchilik madaniyati ancha shakllanganiga guvoh bo‘ldik.
Natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Samarqand viloyati jamoalari uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Finalgacha etib borgan AT “Aloqabank” jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi.
Final g‘olibligi va ko‘chma kubok soha musobaqalarining ko‘p karra g‘olibi TShTT jamoasiga yana bir bor nasib etdi.
Samarqand musobaqalarida “Eng g‘alabaga intiluvchan jamoa”, “Eng intizomli jamoa”, “Eng ahil jamoa” “Eng irodali jamoa” hamda boshqa qator nominatsiyalar ham topshirildi.
Musobaqa g‘olibi va sovrindorlariga O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda soha kasaba uyushmalari Respublika kengashining tegishli darajadagi diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Taqdirlash tadbirida O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi A.Ishanxodjaev, Vazirlikning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i N.Eshnazarov va viloyatdagi soha korxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.