UNUTILMAS QUVONCh

“Aloqachi” oromgohida sport musobaqalari tashkil etildi

“O‘zbektelekom” AK “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filiali tomonidan mehnatkashlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, olis va chekka hududlarda, murakkab iqlim sharoitida mehnat qilayotgan xodimlar farzandlarini yoz mavsumida sog‘lomlashtirish maskanlarida dam olishlarini tashkil etish ishlari izchil olib borilmoqda.

Xususan, bolajonlarning yozgi mavsumini mazmunli tashkil etish maqsadida Buxoro viloyatida joylashgan kompaniya tasarrufidagi “Yosh aloqachi”, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi “Aloqachi” oromgohlari tarqatma materiallar, uslubiy qo‘llanmalar, shiorlar to‘plami, buklet va eslatmalar, plakatlar bilan ta’minlandi. Bolalarni yoshi, ehtiyoji va qiziqishlarini inobtaga olgan holda turli xil to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, kutubxonalar yangi kitob, jurnal hamda jahon va o‘zbek xalq ertaklari, hikoyalari bilan boyitildi. Shu bilan birga, dam oluvchi bolalar o‘rtasida sport musobaqalarini milliy an’analarimizga asoslangan o‘yin va musobaqalar asosida tashkil etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuvlar hamda tanlovlar o‘tkazish borasida alohida rejalar belgilab olindi.

Yaqinda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Aloqachi” oromgohida ana shunday tadbirlardan biri tashkil etildi. Tadbir erta tongda oromgohning uchinchi navbatida dam olayotgan 455 nafar bolaning eng chaqqon va eng zukkolaridan iborat guruhlar o‘rtasidagi sport musobaqalarining “Quvnoq estafeta”si bilan boshlandi. Musobaqalar futbol, shaxmat, shashka, basketbol bellashuvlarida avjiga chiqdi. Ayniqsa, suz havzasidagi bellashuv bolajonlar quvonchiga quvonch qo‘shdi.

Eng quvonchlisi, musobaqalarda ishtirok etgan yuz nafarga yaqin bolajonlar filial kasaba uyushmasi ko‘mitasi hamda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining maxsus savg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Kechki tomon to‘rt yuzdan ziyod bolalar ishtirokida sport olimpiadasi yopilishiga bag‘ishlangan shou-kontsert, ishtirokchilarga bildirilgan samimiy tilaklar hamda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan otryadlarga topshirilgan diplomlar, esdalik sovg‘alari bolalarga unutilmas quvonch baxsh etdi.