Homiylik yordami ko‘rsatildi

1 iyunь — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni eng quvonchli bayram sifatida butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi. Navqiron avlodning kamoloti yo‘lida g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish, ularning ijodiy –intelektual salohiyatini yuksaltirish, ijtimoiy xolati, millatidan qat’i nazar, bolalarning ezgu orzulari ijobati yo‘lida keng imkoniyatlar eshigini ochib berish davlatimiz siyosatining ustvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Aslida o‘sib kelayotgan yosh avlodni himoya qilish zamirida hayotni, uning davomiyligini asrab-avaylash mohiyati yotadi. Ular to‘g‘risidagi har qanday g‘amxo‘rlik esa yurt ravnaqi uchun qo‘yilayotgan mustahkam poydevor demakdir. Bugun ertamiz egalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor kelajakda ularning Vataniga sadoqatli, jismonan va ma’nan barkamol bo‘lib etishishida muhim omil hisoblanadi.

Shu kunga qadar yurtimizda voyaga etmaganlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutuvchi  qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bolalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, ularni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, mustaqilligimiz va tinchligimizga rahna soluvchi harakatlarga qarshi targ‘ibot-tashviqot ishlarini yil bo‘yi manzilli tashkil etishda hamda milliy qadriyat va urf-odatlarni yosh avlod ongiga singdirishda kasaba uyushmalarining faol ishtiroki ta’minlanmoqda.

Bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoit yaratish, qiziqishlari bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltirish, sportga jalb qilish, sog‘lomlashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2019 yilga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklik bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasiga asosan "1-iyunь Xalqaro bolalarni himoya qilish” kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati Guliston shahar “Bolalar shaharchasi”ga tashrif amalga oshirildi.

Mazkur tashrif jarayonida Respublika kengashi bosh mutaxassisi Yunus Gapurov, yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi Mirvoxid Xaydarov, Vazirlikning Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Baxodir Xidirov va “O‘zbektelekom” AK Sirdaryo filiali direktori Rustam Abdumatovlar “Bolalar shaharchasi” tarbiyalanuvchilarini bayram bilan tabriklab, bolalarga mo‘ljallangan adabiy, tasavvurni kengaytiruvchi hamda chet tillarini o‘rganishga yordam beruvchi kitoblar taqdim etdi.

Biz bir narsani unutmasligimiz kerak. O‘zbek xalqi azal-azaldan bolajon xalqdir. Yurtimizning qaysi bir go‘shasiga bormang, bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning guvoxi bo‘lasiz.

Farzandlar ko‘zidagi quvonchni ko‘rib, qalbingizga faxr va g‘ururga to‘ladi. Yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda, ularn turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilishda hamda milliy qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirishda kasaba uyushmalari xarakatlari doimiy bo‘ladi.