BAYRAM MUBORAK AZIZ HAMKASBLAR!

1895 yil 7 may kuni aloqachilar kasb bayramini nishonlanishiga asos bo‘ldi.

Yillar o‘tib aynan shu kuni aloqachilar kasb bayrami nishonlash an’anaga aylandi.

Ushbu bayram mashhur rus fizigi va kashfiyotchisi Aleksandr Stepanovich Popovning faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1895 yilning 7 may sanasida rus fizika-kimyo jamiyatining Sankt-Peterburg universitetidagi majlisida A.S.Popov radiosignallarni hech qanday qo‘shimcha qurilmalar va simlarsiz uzata oladigan va qabul qila oladigan birinchi radiotizim taqdimotini o‘tkazdi. 

Bu kashfiyot axborot signallari almashinuvini amalga oshirish uchun ishonchli texnologiya edi va hozirda ham u aloqa va kommunikatsiyani ta’minlash yo‘lidagi eng kerakli vosita bo‘lib, insoniyat tamadduni taraqqiyotida yangi sahifa ochib, butun dunyodagi insonlar orasida muloqotning yangi printsipial usuli yaratilishiga asos bo‘ldi.

Ushbu sana ilk bor 1925 yilda nishonlandi va shundan so‘ng 1945 yildan e’tiboran har yili nishonlanmoqda.

7 may – bu yuz minglab aloqachilar, radiotexnik mutaxassislar, radio va televidenie kanallari xodimlari, pochta xizmatchilari, radiofizika fakulьtetlari o‘qituvchi va talabalarining bayramidir. Bu bayramni yana mamlakatimizda sodir bo‘layotgan muhim voqea-hodisalar haqida tezkor axborotlarni etkazib beruvchilarning ham kasb bayrami desak xech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kundan kunga aloqa tizimlari avtomatlashib borib, taraqqiy etmoqda. Ular ma’lumotlarni uzoq masofalarga uzatishga va bir vaqtning o‘zida bir nechta ob’ektlar o‘rtasida aloqani ta’minlashga imkon beradi. Bularning barchasi aloqachilarimizning xizmatidir.

Aloqachilarning har kungi mashaqqatli mehnatini munosib baholash oson ish emas. Bu, eng avvalo, doimiy mehnat, yangi vositalar va ma’lumotlar uzatishning turli usullarini ishlab chiqish hamda ulardan foydalanish demakdir.

Shuning uchun 7-may kuni arafasida aloqachilarning kasb bayrami nishonlanishi munosabati bilan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasining yuqori darajada yuksaltirish hamda ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan, mamlakat iqtisodiyoti va sohaning rivojlanishiga o‘zlarining salmoqli hissaslarini qo‘shib kelayotgan Vazirlik tizimidagi aktsiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlari, korxona, tashkilot, muassasalari hamda mobilь aloqa operatorlarining rahbar xodimlari va mutaxassislarining samarali mehnatlarini rag‘batlantirish tadbiri tashkil etildi.

Ushbu bayramona kunda aloqa sohasidagi eng yaxshi rahbar va mutaxassisilardan 36 nafari “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan, 24 nafari “Faxriy yorliq” bilan va 4 nafari “Mohir aloqachi” faxriy unvoni bilan taqdirlandilar. Taqdirlangan barcha hamkasblarimizni  chin dildan tabriklaymiz.

 

Xurmatli aloqa xodimlari!

Sizlarni 7 may - Aloqa va radio kuni bilan  samimiy tabriklaymiz!

Xalkimizni uzog‘ini yaqin qilishdagi mashaqqatli va shu bilan birgalikda savobli ishlaringizda kuch –quvvat tilaymiz!

Baxtimizga doimo sog‘-salomat bo‘ling. Xonadoningizda hamisha tinchlik-xotirjamlik hukm sursin, baxt-soadatga, quvonochga, omadga to‘la bo‘lsin.

 

Sizlarga cheksiz Hurmat ila, 

O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi