Joriy yilning 15-17 mart kunlari AT “Aloqabank“ boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti Respublika Kengashi hamkorligida hududiy filiallari kasaba uyushma qo‘mitasi raislari va faollari uchun 3 kunlik o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotni O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining raisi A.Ishanxodjaev ochib berdi hamda birinchi galda AT “Aloqabank” filiallarining yangi saylangan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari bilan tanishdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ni izchillik bilan amalga oshirish sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari, shuningdek xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlarni etkazdi.
Shuningdek, 2019 yilda soha tizimidagi korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich kasaba uyushmalari oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Har bir tinglovchi bilan muloqot yuritib, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashdi, aniq va manzilli ko‘rsatma va topshiriqlar muhokama etildi.
Respublika kengashining mas’ul xodimlari tomonidan boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari asosida tashkil etish, ijtimoiy sheriklik asoslari va jamoa shartnomalari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi, moliya hujjatlarini rasmiylashtirish, huquqiy masalalarni ko‘rib chiqish hamda mehnatni muhofaza qilish, ijro intizomi, madaniy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish barasidagi taqdimotlar orqali batafsil tushuntirish berildi.
O‘quv mashg‘uloti jarayonida ishtirok etgan 15 nafar tinglovchilar kichik guruxlarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar hamda ularda faoliyatlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar echimini topish yuzasida fikr mulohazalar yuritilib, birgalikda kiritgan takliflar asosida tadbiriy dasturlar tuzdilar.
Zamonaviy shakl va uslublar, yangi axborot texnologiyalari asosida o‘tkazilgan uch kunlik mashg‘ulot jarayonida ishtirokchilar o‘z bilimlarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, faoliyatlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llarini topish qatorida so‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan “Oq tosh” dam olish maskanida sport, madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish hamda sog‘liqlarini tiklash imkoniga ega ham bo‘ldilar.