“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” mamlakatimizda o‘rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat hisoblanadi.

Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Respublika kengashi Rayosatining 2019 yil 29 yanvardagi “O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid chora-tadbarlari rejasi to‘g‘risida” 13-3 “o” son qarori bilan aniq manzilli va maqsadli rejalar belgilab olindi.

Jumladan:

110 nafar yosh mutaxassislarga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish uchun foizsiz ssuda ajratish;

250 nafar ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi ta’tilda bo‘lgan yosh onaga ish beruvchi mablag‘i hisobidan moddiy yordam ko‘rsatish;

500 nafar  pensiya yoshidagi shaxslarga pensiyaga chiqishdan oldin bir yo‘la moddiy yordam berish;

800 nafar xodimga yubiley sanalari munosabati bilan moddiy yoki qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash;

1500 nafar xodimga, ayniqsa kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari uchun o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilish xarajatlarini qoplash;

3000 nafar  ishlamaydigan pensionerlar (korxonaning sobiq xodimlari)ga moddiy yordam ko‘rsatish kabi tadbirlarni jamoa shartnomalari orqali amalga oshirish maqsad qilib qo‘yilgan.

Respublika kengashi ish rejasida ushbu tadbirlarni tizimli amalga oshirish borasida har oylik monitoring olib borish, natijalarini Respublika kengashi Rayosatida muhokama etish belgilab qo‘yilgan.