O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” mamlakatimizda o‘rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat hisoblanadi.
Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturining bajarilishini tizimli ravishda va reja asosida amalga oshirish maqsadida Respbulika kengashi Rayosati tomonidan reja-taqsimot ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
2018 yil davomida boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari tegishli ish beruvchilar bilan hamkorlikda Tarmoq, Tarif kelishuvlari va jamoa shartnomalari asosida reja-taqsimotda belgilangan tadbirlarni ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi.
Pensiya yoshidagi shaxslarga pensiyaga chiqishdan oldin bir yo‘la moddiy yordam berish va ularni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash maqsadida jami 644 nafar xodim o‘rta hisobda 911 ming so‘mdan rag‘batlantirildi.
Xodimlarga yubiley sanalari munosabati bilan jami 873 nafar xodim o‘rta hisobda 879 ming so‘m miqdorida mukofotlandi.
Ishlamaydigan pensionerlarning jami 3754 nafariga O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 1,6 barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
Kam ta’minlangan oilalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida jami 2303 nafariga o‘rta hisobda 255 ming so‘mdan moddiy yordam puli berildi.
Boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitalari tomonidan korxona va tashkilotlar rasmiy veb-saytida kasaba uyushmasi faoliyatiga doir uchrashuvlar hamda Davlat dasturi tadbirlari ijrosi yuzasidan amalga oshirib kelinayotgan ishlar to‘g‘risidagi maqolalar joylashtirilib borildi.
Respublika kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyati bo‘yicha Kuratorlari hamda “O‘zbektelekom” AK, “RRTM” DUK kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan davlat dasturi tadbirlarni bajarilishi borasida faol ishtirok etishdi.
Amalga oshirilgan ishlar har chorak yakunida Respublika kengashi Rayosati yig‘ilishida tahliliy-tanqidiy jihatdan muhokama etib borildi va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.