MOʻJAZ OROMGOHDAGI KATTA TADBIRLAR

Bolalik—hayot ummonining musaffo sarchashmasi. Boisi, u har bir murgʻak qalb uchun tashvishlardan yiroq, ezgulikka toʻla lahzalardir. Aslida oʻsib kelayotgan yosh avlodni himoya qilish zamirida hayotni, uning davomiyligini asrab-avaylash mohiyati yotadi. Ular toʻgʻrisidagi har qanday gʻamxoʻrlik esa yurt ravnaqi uchun qoʻyilayotgan mustahkam poydevor demakdir.

Istiqlolning dastabki yillaridan yurimizda sogʻlom avlod tarbiyasi umumxalq harakatiga aylantirildi. Sogʻlom deganda biz faqatgina jismonan baquvvat farzandlarni emas, balki maʼnaviy boy avlodni ham koʻzda tutamiz.

Bugungi kun yoshlari, mutaqillik yillarida tugʻilib voyaga yetgan sogʻlom va barkamol avlodga xos boʻlgan mustaqil fikrlash, milliy oʻzlikni anglash, ona yurtga muhabbat, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni egallashga astoydil intilish, Oʻzbekistonning bugungi va ertangi kuni uchun yonib yashashga tayyor boʻlgan hislatlarni oʻzida mujassam etgan shaxsdir.

Shu boiz, sogʻlom avlodni voyaga yetkazish borasida mehnatkashlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada keng ommalashtirish, olis va chekka hududlarda, murakkab iqlim sharoitida mehnat qilayotgan mehnatkashlarning farzandlarini yoz mavsumida bolalar sogʻlomlashtirish maskanlarida dam olishlarini tashkil etish ishlar izchil olib borilmoqda.

Xususan, Respublika kengashi soha tizimidagi tashkilot, korxona va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning farzandlarini 2024-yil yoz mavsumida dam olishlarini yuqori saviyada tashkil etish borasida qator vazifalarni belgilab oldi.

Yoz mavsumida soha tizimidagi bolalar sogʻlomlashtirish maskanlarida  mehnatkashlarning 7 yoshdan 13 yoshgacha boʻlgan 4260dan ziyod farzandlarini  sogʻlomlashtirish rejalashtirildi. 

“Oʻzbektelekom” AK tasarrufidagi Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari “Aloqachi” oromgohlari tarqatma materiallar, uslubiy qoʻllanmalar, shiorlar toʻplami, buklet va eslatmalar, plakatlar bilan taʼminlandi.

Bolalarni yoshi, ehtiyoji va qiziqishlarini inobatga olgan holda turli xil toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, kutubxonalarni yangi kitob, jurnal hamda jahon va milliy xalq ertaklari, hikoyalari bilan  boyitildi.

Shuning bilan birga, dam oluvchi bolalar oʻrtasida sport musobaqalarini milliy anʼanalarimizga asoslangan oʻyin va musobaqalar negizida tashkil etish, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuvlar hamda tanlovlar oʻtkazish borasida alohida tadbirlar belgilandi.

Ana shunday tadbirlarning biri Kitob tumani Qaynar qishlogʻi oʻzining salqin tabiati, musaffo havosi, purviqor togʻlari hamda boʻyi koʻkka tutashgan yam-yashil daraxtlari bilan tilga tushgan “Aloqachi” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida tashkil etildi.

“Aloqachi”—“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Qashqadaryo filialiga qarashli boʻlgan moʻjaz oromgohdir. Yaqinda ikkinchi mavsumga  130 nafar oʻgʻil-qizlarni maroqli hordiq chiqarish uchun qabul qilgan dam olish maskanida “Sogʻlom bola-yurt kelajagi!” shiori  ostida madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Shunisi eʼtiborliki, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda “Oʻzbektelekom” AK Qashkadaryo filialai kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamkorlikda oʻtkazilgan rang-barang tadbirlarda qatnashmagan bola qolmadi.

Bir guruh iqtidorli dam oluvchilar “Mening oilam” insholar tanlovida bellashgan boʻlsa, chaqqon va epchil oʻgʻil-qizlar “Quvnoq startlar” musobaqasida omadini sinab koʻrdi. Bundan tashqari, “Raqslar guldastasi”, asfaltga rasm chizish, “Biz Behzod avlodlarimiz!” rassomchilik tanlovlari har bir bolaga oʻz mahoratini namoyish etish imkonini berdi.

Bugungi kunda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi tasarrufidagi “Oʻzbektelekom” AK qarashli uchta bolalar oromgohi bor, —taʼkidladi kengash mutaxassisi Gulchehra Gʻulomova. Yaʼni, xodimlarimiz farzandlari mazkur oromgohdan tashqari Toshkent viloyatidagi “Aloqachi”, Buxorodagi “Yosh aloqachi“ oromgohlarida ham hordiq chiqarmoqda.  Mazkur tadbirlarni yoz mavsumini tugallanishiga qadar qolgan ikkita BSOlarida ham tashkil etish koʻzda tutilgan. Kengashimiz yosh avlodning maʼnan barkamol, jismonan sogʻlom boʻlishiga yaqindan koʻmak berishga ahd qilgan. Bugungi tadbirdan koʻzlangan maqsad ham shu. Bundan tashqari, kengash tomonidan yaqinda  yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularda kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialiga 10 million soʻmlik kitob olib berildi...

Moʻjaz “Aloqachi” oromgohini bezagan tanlovlar yakuni yanada hayajonli boʻldi. Bellashuvlarda kim gʻolib boʻldi? ,—dersiz. Tashkilotchilar barcha ishtirokchilarni gʻolib deb eʼlon qilishdi. Oromgohda dam olayotgan 130 nafar bolajonlarning barchasiga qiziqarli badiiy adabiyotlar, futbolka va kepkalar sovgʻa qilindi.

—Toshkent shahridan keldim. Oromgohda barchasi ajoyib,—deya taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi dam oluvchi Jasmina Toʻychiyeva.

—Bu yerda havo harorati ham baland emas. +25 daraja. Bugungi tadbirlarda rosa yayradik. Oʻzim raqslar tanlovida ishtirok etdim. Ayniqsa, sovgʻalar barchani xursand qildi. Rosti, kutmagandik...

—Kitoblar jonu-dilim, —dedi Qarshi shahridan kelgan Dilnoza Boʻriyeva.—Ulgʻaysam, huquqshunos boʻlmoqchiman. Oromgoh kutubxonasidan Oʻtkir Hoshimov asarlarini oʻqiyapman. Bundan tashqari, qoʻshni oromgohlarga borib, turli intellektual oʻyinlar, sport musobaqalarida “Aloqachi” sharafini himoya qildik. Quvnoq “Aktyor shou” tomoshalari, togʻlar qoʻyniga sayohatlar, turli toʻgaraklardan vaqtning qanday oʻtganini bilmayapmiz...
Eʼtibor bejiz ketmaydi. Bu baxtiyor, baxti bor farzandlar albatta, Vatan kelajagiga oʻz ulushini qoʻshadi. Oromgoh bagʻridagi bolajonlar yuzidagi azmu shijoat bizga shunday nekbin xulosalarni berdi...