Bugun 27-aprel kuni “Unicon.uz”da Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, yigirmadan ortiq sheʼriy toʻplamlar muallifi, “Shuhrat” medali, “Doʻstlik” ordeni sovrindori shoira Farida Afroʻz bilan ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Bu haqda “Xabar.uz” axborot-tahliliy portali xabar beradi.
Davra suhbati koʻrinishida tashkillashtirilgan uchrashuv yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining ayollar, bolalar va oila yoʻnalishida kiritilayotgan yangiliklar, taʼlim sohasidagi islohatlar, ularning ahamiyati va jamiyat uchun qanchalik dolzarbligi haqidagi fikrlar bilan boshlandi.
Bosh qomusimiz Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi buyuk ajdodlarimizning davlat va xalq birligi, insonparvarlik va adolat ustuvorligi haqidagi yuksak gʻoyalariga tayanganligi bilan ham ahamiyatli ekani taʼkidlab oʻtildi.
Markaz xodimlari taklifiga koʻra shoira oʻz ijodidan namunalar oʻqigani – tadbirning kulminatsiyasi boʻldi. Tinglovchilar oʻzbek tilining bor latofati, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini oʻzida namoyon etgan sheʼrlardan bahramand boʻlishdi.
Uchrashuv mushoira, qizgʻin savol-javoblar, ijtimoiy-siyosiy muhokamalarga ulanib ketdi.
– Markazimizda ijodiy uchrashuvlar tashkil qilish, kitoblar yarmarkasini oʻtkazish odat tusiga kirgan, – deydi “Unicon.uz” xodimi Habiba Rasulova. – Bugungi uchrashuv ham xodimlarning talablariga binoan tashkil etildi. Biror ishtirokchining zerikib yoki qachon tugar ekan, degan maʼnodagi nigohini koʻrmadim. Barcha xodimlar faol va katta qiziqish bilan ishtirok etdi. Bugungi ijodiy uchrashuvdan nafaqat maʼnaviy ozuqa oldik, balki mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar va unda oʻzbek ayolining xotin-qizlar manfaatlari yoʻlidagi mehnatlariga ham guvoh boʻldik.
Tadbir yakunida shoira Farida Afroʻz ishtirokchilarga oʻzining eng sara toʻplaridan tuhfa qildi.