Bugun 8-aprel kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yangi, oʻzida 8 dan ortiq sport turlari bilan shugʻullanish imkoniyatini mujassam etgan, barcha zamon talablariga javob beradigan, zamonaviy Sport majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Boʻlib oʻtgan marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi vakillari, soha tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda sport ustalari ishtirok etishdi.
Universitetda taʼlim bilan birgalikda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sportni ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida ishga tushirilgan mazkur sport inshooti ilgʻor arxitektura yechimlari va energiya tejovchi texnologiyalarni qoʻllagan holda Turk muhandislarining konstruksiya loyihasi asosida barpo etilgan boʻlib, bir vaqtning oʻzida sportning mini futbol (basketbol yoki voleybol), yugurish, fitnes va kurash kabi turlari bilan mashgʻulot oʻtkazish imkoniyatiga hamda avtonom isitish tizimiga ega 2620 kv.m maydonni oʻz ichiga oladi.
Sport majmuasida oʻrnatilgan zamonaviy tasvirga olish vositalari orqali oʻtkaziladigan musobaqalarni toʻgʻridan toʻgʻri youtube platformasida onlayn translyatsiya qilish imkoniyatining mavjudligi esa ushbu majmuani nufuzini yanada oshirishi shubhasiz.
Zero, Prezidentimiz tomonidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchisi bevosita jismoniy tarbiya va sportga yoʻnaltirilgan boʻlib, unda yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish koʻzda tutilganganligi bejizga emas.
Shuningdek, koʻtarinki ruhda oʻtgan marosim doirasida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimiga kiruvchi soha korxonalarining xodimlaridan tuzilgan terma jamoalar oʻrtasida oʻtkaziladigan sportning mini futbol turi boʻyicha soha “koʻchma Kubogi” musobaqasiga ham start berildi.
Tadbir soʻnggida soha tashkilotlari terma jamoalari oʻrtasida mini futbol boʻyicha oʻrtoqlik uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.