Muhokamada: FAOLIYAT SARHISOBI VA USTUVOR MAQSADLAR

“Аloqa tarixi muzeyi”da O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining kengaytirilgan majlisi videokonferentsaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi. Unda tarmoqning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning kasaba uyushma mas‘ullari, respublika kengashining hududlar bo‘yicha kuratorlari hamda boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari onlayn qatnashdilar.

– Bugun 2022-yilda amalga oshirgan ishlarimiz, aniqlangan kamchiliklar, yechimini topmagan ayrim muammolar xususida o‘zaro fikr almashib, joriy yilda oldimizda turgan ustuvor vazifalarimiz xususida kelishib olishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman, – dedi Respublika kengashi raisi Аsror Ishanxodjaev. U o‘z ma‘ruzasida Respublika kengashi va uning tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlarining 2022- yil davomidagi faoliyati yakunlari va 2023-yildagi vazifalariga batafsil to‘xtaldi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonuniga hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining qarorlariga asosan quyidagilar ustuvor vazifalar belgilab olindi:

Kasaba uyushmasi a‘zolar sonini ko‘paytirish, nodavlat tashkilotlarni kasaba uyushmaga jalb etish, 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan tarmoq kelishuvlari, jamoa shartnomalari Yangi Mehnat kodeksida talab etilgan bandlarni kiritgan holda rasmiylashtirish, “Insonga e‘tibor va sifatli ta‘lim yili” davlat va tarmoq dasturlari doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, korxona va filiallarda mehnat muhofazasiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xodimlarning huquqiy himoyasini ta‘minlash, yuridik va jismoniy shaxslardan tushgan murojaatlarni kasaba uyushmalariga berilgan vakolatlar doirasida qonuniy va adolatli hal qilish, xotin-qizlarning jamoatchilik ishlarida va ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etishni ta‘minlash, yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi faoliyati samaradorligini oshirish hamda oliy o‘quv yurtlarida talabalar boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatini tiklash, yangi saylangan KUQ raislari uchun o‘quv-seminarlar tashkil qilish, ijtimoiy-mehnat masalalari va mehnat nizolari bo‘yicha hamda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillarni o‘qitish, boshlang‘ich tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, korxona va tashkilotlarga chiqib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish ishlarni tizimli davom ettirish, korxona va tashkilotlarda“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi ostidagi ma‘naviy-ma‘rifiy tadbirlarni, “Ma‘rifat soatlari”ni muntazam ravishda o‘tkazib borish, kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan sport tadbirlarining ommaviyligini ta‘minlash, xodimlar va ularning oila a‘zolariga yo‘llanmalarni adolat va shaffoflik tamoyillari asosida taqsimlash zarur.

Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Respublika kengashining hududlar bo‘yicha kuratorlari hamda boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislariga belgilangan muddatda ish faoliyatini qaytadan tanqidiy-tahliliy o‘rganib, chora-tadbirlar ko‘rilishi topshirildi.

Kun tartibida ko‘tarilgan barcha masalalar yuzasidan majlis qarori qabul qilindi.

Solijon ZOIROV,

 “Xabar” muxbiri