9-fevral – soʻz mulkining sultoni, ulugʻ donishmand Hazrat Alisher Navoiy tavallud topgan kun.
Bugun sharq Renessansining yirik namoyondasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida, ayniqsa, turkiy tilli xalqlar madaniy va maʼnaviy hayotining rivojida alohida oʻrin tutgan yorqin shaxs, soʻz mulkining sultoni, ulugʻ donishmand Hazrat Alisher Navoiy tavallud topgan kun.
Joriy yilning 8-fevral kuni Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazlarida Mir Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi keng nishonlandi.
Tadbirga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universitetining filologiya fanlari nomzodi Tozagul Matyakubova mehmon sifatida taklif etildi.
– Nima uchun biz filolog olimlar bugungi kunda ham Hazrat Alisher Navoiyni oʻrganishda davom etyapmiz? Mustaqillik davrida uning asarlarini oʻqishga qanchalik ehtiyojimiz bor? Shu kabi savollarga bugungi kun nuqtai nazaridan kelib chiqib javob berishga, tushuntirishga harakat qilamiz, – deydi uchrashuvda fan nomzodi Tozagul Matyakubova.
– Chunki Navoiy asarlari mohiyatiga olam va odam, jamiyat va tabiat, ilohiyot, inson va uning muammolari haqidagi tushunchalar toʻla qamrab olingan. Bular eskirmaydigan mavzulardir. Alloma oʻz ijodida insonlarni oʻylantiradigan ana shunday masalalarga faylasufona va aqlan javob berishga, yechim topishga harakat qilgan.
Tadbir oʻzgacha ruhda oʻtdi. Ishtirokchilar Navoiy ijodidan keltirilgan namunalardan nazmni sogʻinganliklarini, ularda koʻtarilgan mavzularning hamon dolzarb boʻlib qolayotganligini his qilishdi.
Darhaqiqat, yetuk shoir, davlat arbobi, buyuk mutafakkirdan bizga juda katta va bebaho meros qolgan. Shu bois Hazrat Alisher Navoiy ijodi asrlar osha keyingi davr allomalari uchun ham ibrat maktabi boʻlib kelmoqda.