Kodeks 7 boʻlim, 34 bob va 581 moddadan iborat boʻlib, olti oydan keyin kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi OʻRQ-798-son Qonunni 2022-yil 28-oktyabr kuni imzolandi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2021-yil 14-oktyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 2022-yil 17-martda Senat tomonidan maʼqullangan edi. Kodeks 7 boʻlim, 34 bob va 581 moddadan iborat boʻlib, olti oydan keyin kuchga kiradi.
Yangilangan Mehnat kodeksida XMT konvensiyalari va tavsiyalariga asoslangan huquqiy yechimlar oʻz aksini topgan. Mehnatning moslashuvchan tartibga solinishiga erishishga qaratilgan ilgʻor xorijiy tajriba inobatga olingan. Xodimlar mehnat huquqlarining himoya qilinishiga koʻproq eʼtibor berilgan.
Yangi Mehnat kodeksi Umumiy qismining 2-boʻlimi 4-9-boblari mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka bagʻishlangan boʻlib, “Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik” tushunchasining mazmun-mohiyati birinchi marta ochib berilgan. Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan XMT konvensiyalarining qoidalarini hisobga olgan holda, ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplari belgilangan, ijtimoiy sheriklikda xodimlarning va ish beruvchilarning vakilligi masalalari batafsil tartibga solingan.
Mehnat kodeksida ijtimoiy sheriklik organlari – ijtimoiy-mehnat masalalari komissiyalariga bagʻishlangan alohida bob bor, unda bu komissiyalarning vakolatlari, ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi belgilangan. Mehnat munosabatlarini ham yakka shartnomaviy, ham kollektiv shartnomaviy tartibga solish sezilarli darajada kengaytirilgan.
Yangi Mehnat kodeksi amalga kiritilgach, yollanma mehnat sohasida yuzaga keladigan barcha munosabatlar bitta kodifikatsion hujjatda tartibga solinadi. Mehnat sohasida normativ hujjatlar, ayniqsa idoraviy hujjatlar soni ancha kamayadi. Yangi Mehnat kodeksining yutuqlari qatorida mehnat va u bilan bevosita bogʻliq boʻlgan jamoat munosabatlarini huquqiy tartibga solishdagi kamchiliklar va nomuvofiqliklar bartaraf etilganini ham qayd etish mumkin.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining 2022-yil 30-noyabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi toʻgʻrisda”gi 7-5-son qarorida taʼkidlanganidek, kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy maqsadi - xodimlarning mehnat xuquqlarini himoya qilish boʻlganligi sababli, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini avvalo kasaba uyushmalarida, shuningdek mehnat jamoalarida keng koʻlamda targʻibot va tushuntirish ishlarini olib borish kasaba uyushmasining bugungi kundagi dolzarb vazifalaridan biri boʻlib hisoblanadi.