O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining malaka oshirish instituti nodavlat ta’lim muassasasida tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari uchun besh kunlik o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etildi.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2022 yil 14 apreldagi “2022 yilning 1-yarim yilligida kasaba uyushmasi kadrlari va faollarini o‘qitish rejasi to‘g‘risida”gi 05-07 “o” - son Ijroiya qo‘mitasining qarori asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining malaka oshirish instituti nodavlat ta’lim muassasasida tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari uchun besh kunlik o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlar 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining dasturida belgilangan vazifalar muxokamasi bilan boshlandi.
Mashg‘ulotlar interaktiv usulda tashkil etilib, unda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida kasaba uyushmalarining vazifalari, ijtimoiy sheriklik, Bosh kelishuv, tarmoq, hududiy kelishuvlar va jamoa shartnomalari, kasaba uyushmasi a’zolik badallarini taqsimlash, kasaba uyushma byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablari va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun hamda mehnat inspektsiyasiing faoliyati to‘g‘risidagi taqdimotlar tinglovchilarga havola etildi.
Shuningdek, korxonalarda mehnat nizolari bo‘yicha Komissiyalar faoliyatini tashkil etish va olib borishning huquqiy asoslari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni rejalashtirish, ish joylarida qulay sharoitlar yaratish va baxtsiz hodisalarni oldini olishda kasaba uyushmalarining vazifalari, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish borasida kasaba uyushmalarining vazifalari haqida baxs-munozaralar olib borildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII Qurultoy qarorlari hamda faoliyatining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar, ijtimoiy sug‘urta mablag‘laridan maqsadli foydalanish hamda yo‘llanmalarni berish tartibi, mehnat jamoalarida madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya va sport ishlarini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlarida batafsil tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari asosida tashkil etish, kasaba uyushmasiga a’zolik afzalliklari, tashkilotlarida ijro intizomi va hujjatlar bilan ishlashda ish yuritishni tashkil etish kabi mavzularga alohida urg‘u berildi.
Tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlar bilan birgalikda tinglovchilar uchun madaniy tadbirlar ham tashkil etildi.
Galdagi madaniy tadbirlar negizida tinglovchilar O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyi bilan tanishdilar hamda A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdilar.
Mashg‘ulotlar so‘ngida 5 kun davomida o‘tilgan mavzular bo‘yicha test sinovlaridan a’lo darajada o‘tgan 20 nafar tinglovchilarga guvohnomalar topshirilishi qatorida, asosiy e’tiborni xodimlarni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini ta’minlash, munosib mehnat sharoitini yaratishga qaratish hamda madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish ishlariga e’tiborni qaratish borasida qator vazifalar topshirildi.
O‘ylaymizki 5 kun davomida BKUT raislariga berilgan huquqiy ma’lumotlar ularning ish faoliyatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.