Axborot sohasidagi mehnat munosabatlariga oid ishlar tahlili yangi takliflar uchun asos bo‘lmoqda
Har qanday sohadagi faoliyat samaradorligi sarhisob jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Agar tarozining bir pallasiga bajarilgan ishlarni, ikkinchisiga amalga oshmay qolgan rejalarni qo‘ysangiz-u, dastlabkisi og‘irroq tosh bossa, demak, erishilgan natijalardan qoniqish hosil qilish mumkin. Ammo yutuqlarga mahliyo bo‘lib qolish ham To‘g‘ri emas. Yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni vaqtida tahlil qilib, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarish faqat ezgulikka xizmat qiladi va yangidan-yangi marralarga keng yo‘l ochadi.
Pandemiya va global inqiroz sharoitiga qaramay, yurtimizda yuqori iqtisodiy o‘sish ta’minlangan, qator ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlari foydalanishga topshirilgan, shaharu qishloqlarimiz yanada chiroy ochgan «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»dan har qancha rozi bo‘lsak, shukronalar aytsak, arziydi. Endilikda asosiy e’tibor «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb nomlangan 2022 yil uchun belgilab olingan ustuvor maqsad hamda vazifalar ijrosiga qaratilgan.
Xo‘sh, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ijtimoiy mehnat munosabatlariga oid tahlillar qanday xulosalar chiqarishga undaydi? Quyida ana shu savolga javob berishga harakat qilamiz.
Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, ijtimoiy mehnat munosabatlarini tartibga olish va teng ijtimoiy sheriklik mexanizmini yanada rivojlantirish, xodimlar manfaati hamda huquqiy himoyasini ta’minlash maqsadida vazirlik va tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘zaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklik bo‘yicha har yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasini qabul qilgan bo‘lib, belgilangan barcha tadbirlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Shu bois xodimlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish hamda xavfsizlik texnikasiga rioya etish holati, mehnat va bandlikka oid munosabatlarning qonunchilikda nazarda tutilgan kafolatlari jamoa kelishuvlari hamda shartnomalarida qay darajada aks ettirilganini tahlil qilish, qolaversa, yangi tashabbuslarni ilgari surish maqsadida tizimdagi korxona va tashkilotlar faoliyatini o‘rganish orqali 2022 yilda amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olish yuzasidan qo‘shma qaror imzolandi.
Bu qaror asosida vazirlikning hududiy boshqarmasi, Respublika kengashi mas’ul xodimlari tomonidan yanvarь-fevralь oylarida Toshkent, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida tizim tasarrufidagi korxona va tashkilotlarda 2021 yilda bajarilgan ishlar o‘rganildi. Birinchi galda rahbarlar hamda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari qo‘mita raislari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda mavjud muammolar, ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, bartaraf etish va kelgusida xodimlar manfaatlarini himoyalash yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
INSON MANFAATLARI USTUVOR
2020 yilda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi aksariyat tashkilot-korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shunday murakkab va sinovli sharoitda axborot texnologiyalari sohasining nafaqat uzluksiz ishlashini ta’minlash, balki mehnatkashlar mas’uliyatini oshirish, tizim tasarrufidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ularning oila a’zolarini faol qo‘llab-quvvatlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar, Xalqaro Mehnat Tashkilotining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyalarini tatbiq etgan holda, 2020-2022 yillarga mo‘ljallab O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Tarmoq, «O‘zbekiston pochtasi» AJ bilan Tarif kelishuvi hamda «O‘zbektelekom» AK bilan Yagona jamoa shartnomasi imzolandi.
O‘tgan yili «O‘zbektelekom» AK, «O‘zbekiston pochtasi» AJ hamda «Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie markazi» davlat unitar korxonasi hududiy filiallari direktorlari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi. Bundan tashqari, vazirlik, aktsiyadorlik kompaniyasi, jamiyat, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda Respublika kengashi mas’ul xodimlari ishtirokida muammolarni joyida hal etish maqsadida Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarining chekka tumanlaridagi telekommunikatsiya bog‘lamalari mehnat jamoalarida «Ochiq muloqot» o‘tkazilib, xodimlarning mehnat sharoitlari hamda ijtimoiy himoyasi borasida olib borilayotgan ishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan boshlang‘ich kasaba uyushmalari qo‘mitalari raislariga, filiallar mas’ul xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Shu davrda tizim tasarrufidagi 32 ta korxonaning yangi muddatga mo‘ljallangan jamoa shartnomasi ekspertizadan o‘tkazildi hamda 7 ta soha yo‘nalishida faoliyat boshlagan korxonada jamoa-shartnomaviy munosabatlar tartibga solindi.
«Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirish doirasida jamoa shartnomalari orqali 616 nafar pensiya yoshidagi shaxsga jami 972,5 mln. so‘m moddiy yordam, 803 nafar xodimning yubiley sanalarida 1702 mln. so‘mlik qimmatbaho sovg‘alar, 2812 nafar ishlamaydigan pensionerga 702,9 mln. so‘m, 511 nafar nogironligi bo‘lgan xodimga bayram arafasida 306,8 mln. so‘m miqdorida moddiy yordam pullari ajratildi. O‘z navbatida, bola parvarishi bilan mashg‘ul 312 nafar onaga, 1531 ta kam ta’minlangan oilaga moddiy ko‘mak ko‘rsatildi, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan 2111 nafar xodimning farzandlari o‘quv qurollari va darsliklar bilan ta’minlandi.
2021 yilda yosh oila toifasiga kiruvchi 152 nafar xodimga uy-joy qurish hamda iste’mol tovarlari sotib olishga 536,4 mln. so‘mlik ssuda, 46 nafar yosh xodimning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun to‘lovini qoplashga ish beruvchi tomonidan foizsiz ssuda ajratildi.
Sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarni doimiy rag‘batlantirish va ularni zarur sharoitlarga ega turarjoylar bilan ta’minlash ishlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida 4 ta to‘qqiz qavatli 210 xonadonli turarjoy qurilib foydalanishga topshirilib, xodimlarga uy-joylarni harid qilish uchun 60 mlrd. so‘m ssuda berildi.
Respublika kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan kasaba uyushmalaridagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 10 nafar vafot etgan kasaba uyushmasi raislarining oilalariga 20 mln. so‘mlik moddiy yordam, 33 nafar sobiq va hozirgi kunda sidqidildan xizmat qilayotgan 24 nafar kasaba uyushmasi raislariga tashakkurnoma hamda jami 60 mln. so‘m miqdoridagi pul mukofotlari topshirildi.
Tarmoq, Tarif kelishuvlari va jamoa shartnomalarida belgilangan majburiyatlarning bajarilishi va aniqlangan muammolar ijtimoiy sheriklar bilan hamkorlikda o‘z vaqtida bartaraf etib borilishi natijasida vazirlik bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdorining 1,3 barobarga o‘sishiga erishildi.
O‘rganish asnosi xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida qator ijobiy natijalar qayd etildi. Masalan, birgina «O‘zbektelekom» AK «TShTT» filialida 2021 yil yakuniga ko‘ra, jamoa shartnomalari orqali 2862 nafar xodimga ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish uchun jami 95,8 mlrd. so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirilgan. Har bir xodimga har oyda qo‘shimcha ravishda 2,7 mln. so‘m haq to‘lanib, o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 mln. so‘mni tashkil etmoqda.
Raqamli iqtisodiyotga o‘tish borasidagi sa’y-harakatlar xususida ham ijobiy fikrlar bildirish mumkin.
DOLZARB VAZIFALAR IJROSI
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining 2021 yil 25 fevraldagi 2-27 «s»-sonli qarori asosida «O‘zbekiston pochtasi» AJning o‘nta filialida – Namangan, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Samarqand, Navoiy, Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrida 56 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. E’tiborlisi, ishga qabul qilingan xodimlarning aksariyati xotin-qizlar va 30 yoshgacha bo‘lganlardir.
Xodimlarning huquqiy himoyasini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar ham diqqatga sazovor. Xususan, murojaatlar bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmning tatbiq etilishi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan muammolarni qonuniy hal qilishda yaxshi natijalar berayotir. 2021 yilda Respublika kengashiga tushgan murojaatlarning 90 foizidan ko‘prog‘i ijobiy hal qilingani buning tasdig‘idir.
Bundan tashqari, barcha o‘rganilgan korxonalarda xodimlarni ishga qabul qilish, mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilishda qonunchilik talablariga amal qilinayotgani, huquqiy tusdagi targ‘ibotlar, davra suhbatlari va seminarlar tizimli o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
YoShLAR – DOIMIY EʹTIBORDA
Bugungi kunda soha tasarrufidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 36067 nafarini yoshlar tashkil etadi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi 9 ta oliy ta’lim muassasasida 24120 nafar talaba, 17 ta o‘rta ta’lim muassasasida 4536 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Bundan bir necha yil avval tizimda texnoparklar yaratilishi haqida tasavvur ham qilmagan edik. Hozir ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan, axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar sinfini yaratib beruvchi IT-parklar yurtimizning barcha hududida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida «Raqamli texnologiyalar» o‘quv markazlari tashkil etilgan. Ularning har birida yiliga 500 nafardan ziyod tinglovchilar bilimlarini mustahkamlayapti.
Raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlangan ishlarni jadal davom ettirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari, respublikamizning har bir tumanida axborot-kutubxona markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatimizning barcha hududida dasturiy injiniring, kompьyuter injiniringi, telekommunikatsiya texnologiyalari, axborot xavfsizligi, pochta aloqa texnologiyasi yo‘nalishida malakali mutaxassislar tayyorlovchi axborot texnologiyalari texnikumlari tashkil etildi.
Hozir Toshkent shahridagi AMITI universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali, Urganch filiali, akademik litsey hamda viloyatlar axborot texnologiyalari texnikumlarida 4422 nafardan ziyod yoshlar tahsil olmoqda, ularga 700 ga yaqin malakali o‘qituvchi-murabbiylar ta’lim beryapti.
Yoshlarga qulay maishiy sharoit yaratish, muassasalarni kitoblar bilan ta’minlash, mahorat darslari tashkil etish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirildi. Bundan tashqari, o‘rganish jarayonida jamoa shartnomalari orqali yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘zda tutilgan bandlar ijrosi ham ta’minlab borilayotgani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, «O‘zbektelekom» AK Andijon filiali tomonidan 2021 yilda yagona jamoa shartnomasining 14-bandi asosida birinchi bor nikohdan o‘tgan 28 nafar yosh mutaxassisga 38 mln. 811 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilgan, oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan 4 nafar yosh mutaxassisning shartnoma pullari qoplab berilgan, 48 ta yosh oilaga «Aloqa bank»ning iste’mol kreditlarini olishda ko‘mak ko‘rsatilgan.
E’tiborlisi, hozir filialda 12 nafar yosh xodim boshliq va rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmokda. 2021 yilda filial va uning quyi bog‘lamalariga ishga qabul qilingan yoshlar soni 28 nafar bo‘lib, ularga dastlabki sinov muddatlari belgilanmagan.
MEHNAT MUHOFAZASI HOLATI QANDAY?
Tizim tasarrufidagi korxona va tashkilotlarda 2021 yilda xodimlarning mehnat muhofazasini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar ham tahlil qilindi. O‘rganilgan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish mutaxassisi lavozimlari joriy etilgan bo‘lib, alohida xona ajratilgan. Bu mutaxassis-xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib bormoqdalar.
Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar qonun hujjatlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek, jamoa kelishuvlarida yoki boshqa ichki normativ hujjatlarda belgilangan miqdorda ajratilib, rejalashtirilgan tadbirlar ijrosi uchun maqsadli sarflangan. Ish beruvchilar tomonidan korxonalarda mavjud asbob-uskunalardan foydalanish, texnologik jarayonlarni amalga oshirish chog‘ida xomashyo va materiallarni qo‘llash ishlarini bajarish va xizmatlar ko‘rsatish paytida xodimlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan.
2021 yil davomida 271 nafar mehnatni muhofaza qilish mutaxassisining malakasi oshirilgan. Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab onlayn seminar o‘tkazilgan. Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligiga oid 20 dan ortiq yo‘riqnoma qayta ishlab chiqilgan. Xodimlarni tarmoq me’yorlariga muvofiq maxsus kiyim, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan bepul ta’minlash va ular tomonidan to‘g‘ri foydalanilishi kasaba uyushmalari qo‘mitalari tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
Joriy yilda litsenziyaga ega laboratoriyalar bilan joriy tartibda shartnomalar imzolagan holda, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish, xodimlarni o‘qitish hamda bilim sinovidan o‘tkazish choralari ko‘rilgan. Tarkibiy bo‘linmalarga yangi ishga kirgan xodimlar xavfsiz ishlash usullari bo‘yicha birlamchi yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazilgan. Muhimi, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar kuchaygandan kuchayib borayotir.
Asror IShANXODJAEV,
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va
ommaviy kommunikatsiya xodimlari
kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi