O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yilning 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Qarorda Oliy ta’lim muassalari talabalari o‘rtasida intellektual sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish, talabalarning bilimga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish respublikaning turli hududlarida tahsil olayotgan zakovatli yoshlar uchun fikr almashish imkoniyatini yaratish, oliy ta’lim muassasalarida intellektual to‘garaklar faoliyatini rivojlantirish hamda yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Intellektual haftalik” tashkil etish ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, “Intellektual haftalik” davomida intellektual o‘yinlar, ilmiy konferensiyalar, ilm-fan, adabiyot sohasida taniqli olimlar ishtirokida seminarlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, turli soha rahbarlari, yirik kompaniya (ish beruvchilar) vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Joriy yilning 15-fevral kuni Muhammad al- Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Samarqand filiali hamda Boshlang‘ich kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda ilk marotaba TATU va filiallar o‘rtasida Samarqand viloyatida Zakovat intellektual o‘yiniga start berildi.
Birinchi bosqichda 7 ta jamoa qatnashib, undan 4 ta jamoa, ikkinchi bosqichda esa 7 ta jamoadan 3 ta jamoa finalga yo‘l oldi.
Final o‘yini juda qiziqarli savol-javoblarga boy tarzda o’tdi. Tadbir yakunida umumiy ballar hisobida:
TATU burgutlari (Toshkent)
Marg‘iloniy (Farg‘ona)
Everest (Samarqand) jamoalari g‘olib deb topildi.
G‘oliblar universitetning faxriy yorliqlari va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Kundan kunga talabalar o‘rtasida yuzaga kelayotgan intellektual muhit o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Universitetda tobora ommalashib borayotgan “Zakovat- intellektual o‘yini” esa ularni bir joyga jamlash, bilimini namoyon etish va oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirning ikkinchi kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning barcha filiallaridan yig‘ilgan 80 dan ortiq bilimdon talaba yoshlar uchun ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari va tarixiy obidalariga sayohat uyushtirildi.