SINOVLI YILLARNING SALMOQLI YuTUQLARI

Mamlakatimizda raqamli texnologiyalarning joriy etilishi keyingi besh yil davomida O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishga aylanib, mazkur vazifalarni ko‘zda tutgan holda, “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturi ishlab chiqildi.

Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish aosiy masalalardan biriga aylandi. Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida, xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish esa, o‘z navbatida, iqtidorli yosh mutaxassislarimizning innovatsion g‘oyalari hayotga tatbiq etilishiga zamin yaratdi.

 

Internet endi qishloqlarga

Yana bir muhim vazifalardan biri, bu – ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalarini joriy etish deb belgilandi. Jumladan, o‘tgan yili shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi internetga ulash ishlari yakunlanib, barcha qishloq va mahallalarni tezkor internet bilan ta’minlash asosiy vazifalardan biriga aylandi. Xususan, hozirgi kunda 12 mingdan ortiq sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlandi.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida qator me’yoriy xujjatlar qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari, shuningdek, respublikamizning har bir tumanida axborot-kutubxona markazlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida 15ta raqamli nodavlat telekanallar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularda ham boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari tuzildi.

 

Pandemiya pand berolmadi...

2020 yilda dunyoga yoyilgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimiz oldiga yangi muammo va talablarni qo‘ydi. Tahlillarga ko‘ra, pandemiya aksariyat turdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan ishchi-xizmatchilar, yoshlar va xotin-qizlar bandligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Pandemiya sharoitida yurtimizda yuzaga kelgan vaziyat axborot texnologiyalari sohasini nafaqat uzluksiz ishlashini, balki mehnatkashlarimiz zimmasidagi ishga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirishni taqozo etdi. Pandemiya dunyo aholisi, jumladan, o‘zbekistonliklarning ham jismoniy harakatlanishini kamaytirib, odamlarni axborot texnologiyalaridan, internetdan ko‘proq foydalanishga yo‘naltirdi.

Karantin va shahar bo‘ylab harakatlanishga bo‘lgan cheklovlar sharoitida zarur xizmatlar uchun to‘lovlarni va xaridlarni onlayn xizmatlar orqali amalga oshirish, Payme ilovasi orqali masofadan turib xizmat va buyurtmalar uchun to‘lov qilish tizimi aholi uchun qulaylik tug‘dirdi.

Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat va sinovli kunlarda yurtimizning barcha ta’lim muassasalarida juda qisqa fursat ichida onlayn darslar yo‘lga qo‘yildi. Dastlab, mazkur o‘zgarishlar shubhasiz, muayyan noqulayliklarni keltirib chiqardi, ammo pandemiya sababli kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ta’limdagi yangi echimlar, hozirgi davr uchun zarur bo‘lgan innovatsiyalarni ta’lim sohasiga kiritilishiga sabab bo‘ldi.

Shunday sinovli kunlarda yurtimizda inqirozga qarshi amalga oshirilgan choralar XMTning pandemiyaga qarshi kurash borasida ishlab chiqqan to‘rt asosiy tamoyillariga to‘la mos keladi. Xususan, yurtimizda olib borilgan sa’y-harakatlar iqtisodiyot va bandlikni rag‘batlantirish, ishlab chiqarish korxonalari, ular daromadlari, ish o‘rinlarini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mehnat munosabatlari ishtirokchilari huquqlarini himoya qilish hamda o‘zaro ijtimoiy muloqotga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

 

Raqamlashtirish korruptsiyaga qarshi

Hech kimga sir emaski, bugun dunyo miqyosida raqamli iqtisodiyotga o‘tish jadal sur’atlar bilan ketmoqda. Bu borada ham yurtimizda qator salmoqli ishlar olib borilyapti. Jumladan, raqamli iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekistonning keyingi besh yildagi ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Yurtboshimiz takidlaganidek, bugun raqamli iqtisodiyotni rivojlantirmasdan kelajagimizni tasavvur qila olmaymiz. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytirishga va eng muhimi korruptsiyani yo‘qotishda samarali vosita hisoblanadi.

Dunyo tajribasidan ma’lumki, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan IT-Parklarning o‘rni o‘ta muhimdir. Aynan shu maqsadda axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar sinfini yaratish maqsadida bugungi kunda yurtimizning barcha xududlarida  IT-Parklar o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Shuningdek, barcha parklar qoshidagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarining har birida yiliga 500 nafardan ziyod tinglovchilarni o‘qitish imkoniyati yaratildi.

Keyingi bosqichda yurtboshimiz professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilashga qaratib, “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 6155-sonli Farmoni ijrosiga yo‘naltirdi.

Xususan, 2021 yilning 7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 288-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida respublikamizning barcha hududida asosan beshta (dasturiy injiniring, kompyuter injiniringi, telekommunikatsiya texnologiyalari, axborot xavfsizligi, pochta aloqa texnologiyasi) yo‘nalishida yoshlarimizga saboq beruvchi axborot texnologiyalari texnikumlari tashkil etildi.

Hozirda axborot texnologiyalari yo‘nalishida tashkil etilgan 16ta ta’lim muassasasida 4422 nafardan ziyod o‘quvchilar tahsil olib, ularga 700ga yaqin malakali o‘qituvchi-murabbiylar ta’lim berishmoqda.

 

Kasabaqo‘m a’zolari ko‘paymoqda

Bugungi kunda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi oldida turgan ustuvor vazifalardan biri, bu – soha yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar xodimlarini ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqiy himoyasini ta’minlashdan iborat.

Shu bois, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida soha tizimi tashkil etilgan barcha axborot texnologiyalari texnikumlari ishchi-xodimlarini ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqiy himoyasini ta’minlash choralari ko‘rilib, mehnat jamoalarida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari negizida Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali akademik litseyi, TATU Nurafshon filiali hamda 13ta viloyat axborot texnologiyalari texnikumlari va “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” DUK boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari tuzilishiga erishildi.

Respublika kengashining mas’ul xodimlari tomonidan yangi tuzilgan boshlang‘ich tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitalariga birinchi galda amaldagi Bosh va Tarmoq, Tarif kelishuvlari asosida jamoa shartnomasi loyihasini ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

 

Asror IShANXODJAEV,

O‘zbekiston axborot texnologiyalari va

ommaviy kommunikatsiya xodimlari

kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi