Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida erkaklar jamoalari o‘rtasida voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi uchun XXVIII chempionat bo‘lib o‘tdi.
Yuqori saviyali o‘yin namoyish etgan “UZTELECOM” (“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi) jamoasi yana bir bor musobaqada g‘olib chiqib, voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi.
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xalqaro sport maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri aynan ushbu yo‘nalishga qaratilgan.
O‘z navbatida, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan faol va iqtidorli ishchilarni, ayniqsa, yoshlarni aniqlash maqsadida vaqti-vaqti bilan turli ko‘rik-tanlovlar, madaniy-ma’naviy, sport-intellektual tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda, ular turli musobaqa va ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib kelishmoqda. “UZTELECOM” jamoasining voleybol bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi uchun o‘tkazilgan XXVIII chempionatida ishtirok etishi ana shunday qadamlardan biri bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqalar 1992-yildan boshlab har yili o‘tkazib kelinadi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, uchinchi o‘rinni ikki jamoa – MHSK (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi) va “Buvayda tadbirkor” (Farg‘ona viloyati) jamoalari egalladi, kumush medal OKMK jamoasi (Olmaliq shahri)ga nasib qildi. O‘zbekiston kubogini “UZTELECOM” (“O‘zbektelekom” AK) jamoasi qo‘lga kiritdi.
Sovrindorlarni taqdirlash marosimida kuchli uchlikka kirgan jamoalar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Manba: http://uztelecom.uz