“O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filialida dekabr oyining dastlabki haftasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganliging 29 yilligiga bag‘ishlangan sport musobaqalari tashkil etildi.
66 nafar ayollar o‘rtasida stol tennisi, arg‘amchi – sakrash va 60 metrga yugurish musobaqalari ko‘ngillarga bir olam zavqu shavq hadya etdi. Ularning kundalik tashvishlardan xoli chehralari yanayam go‘zallashib, yoniq ko‘zlarida baxtiyorlik tuyg‘ulari barq urdi. Baxslarni kuzatar ekansiz, ana, sportning kuchi-qudrati deyishingiz tabiiy. Musobaqada qatnashib bo‘lib, endi xansiragancha kulimsirashda davom etayotgan ayollarning suhbatlari e’tiborimni tortadi. ”Chindan ham sportda hikmat ko‘p ekan, -deb so‘z boshlaydi vodillik Nigoraxon Ro‘zieva. -Katta o‘g‘limni kichikligidan sport maktabiga berdik. Rosa sog‘lom o‘sdi. Hozir Toshkent tibbiyot akademiyasi tahsil olyapti. Yaxshiyam meni sport maktabiga bergan ekansizlar, deb qolsa bir qop semiraman. Kichigimni bermabmiz. Nozikroq edi. U hozir Farg‘ona politexnika institutida o‘qiydi. Meni nimaga sportga tormagansizlar, deb domongir bo‘lganda esa bir qop ozaman, o‘zimni behad gunohkor sezaman”... Bu Ro‘zixonning o‘zidan ancha yosh ayollarga qaratilgan nasihati edi. Quvalik yana bir ayol ham qizini dzyudo sportiga qatnashtirmay qo‘yganidan taassufda ekanligi alam bilan tan oldi. ”Axir fe’l-atvori ham, yurish-turishi ham o‘g‘il bola tabiat bo‘lib qoluvdida, -dedi u o‘zini oqlagan bo‘lib. - Endi bo‘lsa ichki ishlar sohasida oliy ma’lumot olmoqchi. Repititorlarga qatnab kirish testlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Qarang, ming-ming afsuslar bo‘lsinki, bu militsiya sohasi uchun kishi sportning bir turini egallashi ma’qul topilar ekan. Xullas, yana dzyudosiga bersak, deb turibmiz”.
Bu suhbatlar, yo‘l-yo‘riqlardan yosh qizlar o‘ziga tegishli xulosalar chiqarib olishsa ajab emas. Bu orada qizlar musobaqalari g‘oliblari ham aniqlandi. Farg‘ona ShTB muhandisi Marina Jo‘raevaning raketkani ushlagan qo‘llari, engil harakatlarini kuzatishning o‘zi maroqli edi. Marina,qoyil, tennis malikasi Marina”, degan olqishlar tez-tez yangrab turdi. Filial buxgalteri Dianaxon Sodiqovaning arg‘amchini aylantirgancha tinimsiz sakrashi hammani maftun-maftun etgani rost. Go‘yoki ajoyib bir xayoliy raqs! Filial koltsenrining eng navqiron navnihol xodimasi Shahloxon Rahmatova 60 metrlik masofani hamma dan tez xuddi qush misoli qanot qoqib uchib o‘tdi. Har uchchala ayol g‘oliblik nashidasidan bag‘oyat mamnun edilar. Birinchi, ikkinch, uchinchi o‘rinlarni olganlarning barchasi medallar va sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
168 nafar erkaklar - 21 ta komanda filial kubogi uchun minifutbol sport turi bo‘yicha bellashdilar. Quvasoylik telekomchilarga birinchi o‘rin, filial yigitlariga ikkinchi o‘rin, Farg‘ona tumani telekomchilariga uchinchi o‘rin nasib etdi. Har uchchala komanda musobaqalarda mahoratlarini yuksak darajada namoyish eta olgani taxsinlarga munosib bo‘ldi. Bu o‘yinda omad deganlari quvasoyliklarga kulib boqqanini uarning o‘zlari ham e’tirof etdilar. Har uchchala komandaga medallar va sovg‘alar topshirildi. Shunisi e’tiborga molikki, nafaqat g‘oliblar, balki har bir qatnashchi ulug‘ bayram munosabati bilan uyiga chiroyli tuhfa bilan yo‘l oldi.
Musobaqalar yakunida filial direktori Vladimir Ejkov barchani 8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan samimiy muborakbod etib, oilalariga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tiladi. Shuningdek direktor so‘zining oxirida jamoada sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti hamda sportni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun filial kasaba uyushmasi qo‘mita raisi Murodjon Azamovga minnatdorchilik izhor etdi.
Hafiza Salyahova,
“Xabar”ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri