Inson bajarayotgan ishidan ko‘ngli to‘q, ish joyida har tomonlama himoyada bo‘lsa, unga xavfsiz mehnat sharoiti yaratib berilsa, faoliyati ham shunga yarasha samarali bo‘ladi. Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmalari bu borada qator ishlarni amalga oshirib kelyapti. Avvalo, hali himoyaga olinmagan tizimdagi tashkilotlar kasaba uyushmalariga jalb etilyapti. Joriy yilning o‘tgan davrida 35 ta tashkilot kasaba uyushma xizmatiga olinib, a’zolar soni 1394 nafarga oshdi.
Barcha hududlarda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari, republikamizning har bir tumanida axborot kutubxona markazlari tashkil etildi. Ularda bosqichma-bosqich boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotini tuzish hamda Tarmoq kelishuvi asosida jamoa shartnomasini ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatilyapti. Shuningdek, hududlarda IT texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida 12 ta raqamli nodavlat televizion kanali faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularda ham boshlang‘ich tashkilotlar tuzilib, 440 nafar xodim kasaba uyushmasiga jalb etildi.
Prezident farmoni asosida tashkil etilgan «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki direktsiyasi»ning 100 nafardan ortiq xodimi kasaba uyushmasiga jalb qilindi. Barcha viloyatlarda Texnoparklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ulardagi xodimlarni ham kasaba uyushmasiga jalb etish ishlari olib borilyapti.
Ijtimoiy mehnat munosabatlarini tartibga solish va teng ijtimoiy sheriklik mexanizmini yanada rivojlantirish, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqiy himoyasi borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘zaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklik bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasini qabul qildi.
Vazirlik, aktsiyadorlik kompaniyasi, jamiyat, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda Respublika kengashi mas’ul xodimlari ishtirokida muammolarni joyida hal etish maqsadida Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi aloqa korxonalari, jumladan, «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filialining chekka tumanlardagi, ya’ni So‘x va Toshloq tuman telekommunikatsiya bog‘lamalari mehnat jamoalarida «Ochiq muloqot» tarzida davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, xodimlarning mehnat sharoitlari hamda ijtimoiy himoyasi borasida olib borilayotgan ishlar o‘rganib chiqildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislariga, filiallarning mas’ul xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Sport tadbirlarini muntazam tashkil etilishini yo‘lga qo‘yish, bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish maqsadida xodimlar, shuningdek, tizimdagi aktsiyadorlik jamiyati, kompaniya, korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari hamda katta yoshdagi xodimlari o‘rtasida mini-futbol musobaqalarini yanada ommalashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ko‘p yillar oldin ta’sis etilgan soha ko‘chma kubogi uchun mini-futbol musobaqasi yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur musobaqa tobora ommalashib, vazirlik tizimidagi barcha korxonalar xodimlarini qamrab oldi.
Jamoa shartnomalari orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlarni, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilar (korxonaning sobiq xodimlari)ga, pensionerlarga hamda nogiron farzandini parvarish qilayotgan onalar yoki otalarga bayramlar arafasida moddiy yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan har oylik monitoring olib borildi.
Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish tizimidagi korxonalarda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, «O‘zbekiston pochtasi» AJ bilan o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolanib, eng chekka tumanlardagi mahallalarda istiqomat qiluvchi aholiga qulay kurьerlik xizmatlari joriy etilishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu ish o‘rinlariga qabul qilingan xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan himoyaga olingan.
Pandemiya sharoitida yurtimizda yuzaga kelgan vaziyat axborot texnologiyalari xodimlarining uzluksiz ishlashi va mehnatkashlar zimmasidagi ishga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirishni taqozo etdi. Raqamli iqtisodiyot rivojlandi. Shu davrda birorta xodim himoyasiz qolmadi, kasaba uyushmalari ish beruvchilar bilan hamkorlikda imkon qadar ularni moddiy, ma’naviy, moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatladi.
Yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yosh xodimlar qo‘llab-quvvatlanyapti.
Besh mingdan ziyod soha ishchi-xodimlari, ularning oila a’zolari, mehnat faxriylari, ehtiyojmand oilalar vakillarining tarixiy shaharlarga sayohatlari uyushtirildi.
Boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti kuchli bo‘lsa, xodimning manfaatini ifoda eta olsa, yuqori turuvchi tashkilotlarga ham ishonch ortadi. Bu natijaga erishish uchun boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotiga ko‘mak, hujjat ishini yuritishida amaliy yordam berish eng oqilona yo‘ldir. Ularga etkazib berilgan tarqatma materiallar, albatta, o‘z natijasini beryapti.
Sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarni doimiy rag‘batlantirish va ularni zarur sharoitlarga ega turar-joylar bilan ta’minlash ishlari ham nazardan chetda qolmadi. Eng ulug‘ va eng aziz bayram – istiqlolning 30 yilligi arafasida Toshkent shahrining Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida «O‘zbektelekom» aktsiyadorlik kompaniyasi himmati bilan qad rostlagan yangi xonadonlar kalitlari kompaniyada faoliyat yurituvchi ilg‘or xodimlarga taqdim etildi.
Quvonarlisi, olib borilgan ijobiy ishlar va erishilgan yutuqlar negizida ishchi-xodimlar himoyasi yo‘lida oldimizga qo‘ygan vazifalarga sidqidildan yondashish yotibdi. Bu jihat alohida e’tiborga olinib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining «Kasaba uyushmalari kuniga 1 yil» esdalik ko‘krak nishoni bilan 21 nafar faolimiz taqdirlangani ham qilayotgan ishlarimizga berilgan yuksak bahodir.
Asror IShANXODJAEV,
Axborot texnologiyalari va ommaviy
kommunikatsiya xodimlari kasaba
uyushmasi Respublika kengashi raisi