Mamlakatimizda kasaba uyushmalari tarixiga 115 yil bo‘ldi. Mustaqil O‘zbekistonda esa kasaba uyushmalari tuzilganiga 30 yil to‘ldi. Bu davrda kasaba uyushmalari faoliyatida ko‘tarilishlar va pasayishlar yuz berdi, lekin hech qachon dolzarbligini yo‘qotmadi.
Ayniqsa, so‘ngi yillarda kasaba uyushmalari jamiyatimizning muhim bir bo‘lagiga aylandi.
O‘tgan 2020 yilning 11 noyabrь kuni Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qurultoyiga Muhtaram Prezidentimiz tabriklar yo‘lladilar hamda kasaba uyushmalari akademiyasini ochib berdilar. “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi qonun bilan ko‘plab vakolatlar berildi. Kasaba uyushmalari inspektsiyasi faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba yilning 11 noyabrida kasaba uyushmalari kunini nishonlash belgilab berildi. Albatta bu e’tibor va g‘amxo‘rlik biz - kasaba uyushmalarini o‘z sohamizni yanada rivojlantirishga, jamiyatimiz rivoji va xodimlar manfaati yo‘lida yanada shijoat bilan, bor kuch va g‘ayratimizni safarbar etib ishlashga chorlaydi.
Bugungi kunda tizimimizda 230 ziyod boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda, kasaba uyushmamiz o‘z safida 66 mingdan ziyod a’zolarni birlashtirib, korxona va tashkilotlarda ularning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga chorlab kelmoqda.
So‘nggi yillarda mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash ishlarida katta o‘zgarishlarga erishdik.
Bu ishlarni amalga oshirishda sohamizning barcha kasaba uyushmalari xodimlari va faollarining hamda ijtimoiy sheriklarimizning xizmatlari katta!
Bugun yurtimizda ilk marotaba kasaba uyushmalari kunini 1 yilligini nishonlash arafasida Respublika kengashi tomonidan o‘z ishlarida fidokorona mehnat qilayotgan bir gurux kasaba uyushmasi faollarini rag‘batlantirish tadbiri o‘tkazildi.
Taqdirlash tadbirida sohamiz mehnatkashlarini ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ularni moddiy ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, huquqiy manfaatlarini ifoda etishda ijtimoiy sheriklikning barcha printsiplariga amal qilinishini ta’minlanishida fidokorona mehnat qilayotgan 24 nafar kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari va faollari, kasaba uyushmalarida ko‘p yil xizmat qilib hozirda boshqa lavozimlarda ishlayotgan va nafaqa gashtini surayotgan 33 nafar sobiq xodimlarimiz Respublika kengashining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi xamda 60 nafariga pul mukofotlari berildi.
Bundan tashqari, kasaba uyushmalarida faoliyat yuritgan 10 nafar vafot etgan kasaba uyushmalari raislar oilalarning har biriga 2 mln. so‘mdan moddiy yordam pullari topshirildi.
Quvonarlisi, olib borilgan ijobiy ishlarimiz va erishilgan yutuqlarimiz negizida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Kasaba uyushmalari kuniga 1 yil” esdalik ko‘krak nishoni bilan tizimimizning 21 nafar kasaba uyushmasi faollari taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovi, mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan o‘tkazilgan respublika ko‘rik tanlovining “Eng yaxshi korxona” hamda “Eng yaxshi kasaba uyushmasi qo‘mitasi” nominatsiyasi g‘oliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bundan tashqari, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar xodimlaridan tuzilgan terma jamoalar o‘rtasida tashkil etilgan mini futbol (futzal) bo‘yicha ko‘chma Kubok uchun respublika musobaqalari har yildagidan o‘zgacha bo‘lib, final o‘yinlari 11 noyabь kuni ilk marotaba nishonlanadigan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” bayrami arafasida o‘tkazilishi rejalashtirildi. Yo‘llanmani qo‘lga kiritgan jamoalar final musobaqasida zo‘r shiddat, tezlik, chaqqonlik, epchillik, birlik va asosiysiz birdamlikni namoyon qilgan holda g‘oliblik supasiga ko‘tarildi.
Mazkur taqdirlash marosimida final musobaqlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan “O‘zbektelekom” AK “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filiali, AT “Aloqabank” hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi jamoalari ham munosib taqdirlandi.
Bayram arafasida tarmog‘imiz faollari juda ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, kuni-kecha kasaba uyushmalari o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida xodimlarmiz 3 ta medalni ko‘lga kiritishga miyassar bo‘lishdi. Umumjamoa hisobida esa 24 jamoa o‘rtasida faxrli 5 o‘ringa ega bo‘ldi.
Hozirda bayram munosabati bilan sohadagi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari tasarrufidagi tsex, gurux kasaba uyushmasi tashkilotchilari, kasaba uyushmasi qo‘mitalari hamda taftish komissiyasi a’zolari tarkibidan kasaba uyushmalari faoliyatida ilg‘or mehnat qilib, ijobiy natijalarga erishayotgan 150 dan ziyod faollarga “Faxriy yorliq” hamda esdalik savg‘alari topshirilmoqda.
Mukofotlarimiz ishimizga yarashadir, bundan keyin ham ishlarimiz ham, yutuqlarimiz ham ko‘payib boraveradi.
Sohamiz mehnatkashlari kasaba uyushmasi raisi etib - eng odil, xaqgo‘y, talabchan va jonkuyar vakilini saylab unga ishonch bildirgan. Safimiz ana shunday insonlar bilan to‘lgan ekan – faoliyatimiz fakat a’lo darajada bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda mehnatkashlarimiz qalbida shukuronalik tuyg‘usi kundan kunga oshmoqda. Kasaba uyushmalari olib borayotgan har bir ish va xarakatlar zamirida har bir mehnatkash uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, oilasi va farzandini kelajagini ta’minlashda ko‘maklashish, ma’naviy jixatdan sog‘lomligi hamda baxtu-saodatini mujassamlashtirishga yo‘naltirilgan.
Yangi O‘zbekiston kasaba uyushmalari oldiga davr yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Xususan, mehnatkashlarimizning porloq va buyuk kelajagini bunyod etish, yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, millatimizni millat qilib turgan yuksak ma’naviy sifatlarni ardoqlab, ularni yanada boyitish, rivojlantirish va dunyoga ko‘rsata olish kabi vazifalarni ado etishda kasaba uyushmalari faollik bilan olg‘a qadam tashlamoqdalar.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan chin dildan tabriklaymiz.
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilalaringizga fayz-u baraka, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.