29 avgust kuni poytaxtimizdagi Al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashgan maktabda davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlarga ehtirom ko‘rsatildi hamda axborot texnologiyalari sohasining bir guruh xodimlariga «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni va AKT vazirligi idoraviy mukofotlari topshirildi.
Tantana avvalida davlatimiz madhiyasi yangradi, so‘ngra sohada amalga oshirilgan ishlar haqidagi videorolik namoyish etildi. E’tiborlisi, videokonferentsaloqa tizimi yordamida joylarda tashkil etilgan jami 20 ta studiyada viloyatlardagi soha xodimlari jarayonni kuzatib borishdi.
– Barchangizni Davlatimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami bilan tabriklayman, – dedi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov. – Keyingi davrda davlatimiz va hukumatimiz rahbariyati e’tibori tufayli katta loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Eng muhimi, sohamizda «Biz – bir jamoamiz, biz – bir oilamiz!» shiori hukmron. Quvonarlisi, bayram arafasida sohaning 12 nafar xodimi davlat mukofotlariga, 1000 dan ortig‘i «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni hamda 68 nafar aloqachi vazirligimizning idoraviy mukofotlariga sazovor bo‘lishdi. Albatta, bu mukofotlarning yuki bor. Endi yanada samarali va sifatli mehnat qilishimiz kerak. Har biringizning xonadoningizga tinchlik-omonlik, ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.
AKT vaziri Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlarni noma-nom tanishtirdi:
«Mehnat shuhrati» ordeni bilan Rixsi Isaev – TATU «Telekommunikatsiya injiniringi» kafedrasi professori, Kuvandik Yashuzokovich Jabborov – «O‘zbekiston pochtasi» AJ Samarqand shahar pochta aloqasi bog‘lamasi pochtachisi; «Do‘stlik» ordeni bilan Rahmatali Qambarovich Jalilov – «Aloqabank» aktsiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisining maslahatchisi, Kuatbay Turganbaevich Ibragimov – Nukus shahar telekommunikatsiyalar bog‘lamasi muhandisi, Aleksandr Samsonovich Tsoy – Guliston shahar telekommunikatsiyalar bog‘lamasi muhandisi; «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan Rustam Sakievich Adilov – «Elektromagnit moslashuv markazi» DUK ish yuritishni boshqarish va nazorat qilish xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, Gulchehra Djumaevna Azamova – G‘ijduvon tumani telekommunikatsiyalar bog‘lamasi elektromontyori, G‘olibsher Meliboevich Ziyaev – O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspektsiyasi boshlig‘i; «Kelajak bunyodkori» medali bilan Emilь Ildarovich Gimranov – «Uzinfocom» MChJ bosh direktori; «Shuhrat» medali bilan Farhod Zairovich Ibragimov – «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki direktsiyasi – IT Park» MChJ direktori, Nasiba Irkinovna Nasretdinova – «Aloqabank» aktsiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisining o‘rinbosari, Otabek Kadambaevich Xo‘jaev – TATU Urganch filiali «Axborot texnologiyalari» kafedrasi mudiri.
Shundan so‘ng «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni hamda AKT vazirligining idoraviy mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Rixsi Isaev, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjaev so‘z olib, e’tibor va e’tirof uchun minnatdorlik bildirishdi.
Maxsus avariya-tiklash boshqarmasining «Impulьs» ansambli xonandalarining Vatan haqidagi qo‘shiqlari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.