O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi rayosat qarori asosida tizimdagi barcha boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari o‘rtasida tanlov tashkil etildi.
Mazkur ko‘rik-tanlov Yangi tahrirdagi «O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlar o‘rtasida o‘tkaziladigan «Eng namunali boshlang‘ich tashkilot» ko‘rik-tanlovi to‘g‘risidagi Nizom» asosida amalga oshirildi.
Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish maqsadida 110 tadan ziyod boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlar faoliyati Respublika komissiyasi tomonidan o‘rganilib, baholandi.
Respublika komissiyasi tanlovning tarmoq bosqichi g‘oliblarini aniqlashda jamoa shartnomalarini tarmoq kelishuvlariga moslashtirgan, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ularning bajarilishiga erishgan, bandlik va yangi ish o‘rinlarini yaratish, munosib ish haqi to‘lanishi, xodimlar uchun xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini yarata olgan, xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarida mehnat qonunlariga rioya etilishini ta’minlagan, faoliyatni ustav talablari va me’yoriy hujjatlar asosida to‘g‘ri va samarali tashkil etgan, ixtiyorlarida qoldirilgan mablag‘lardan tasdiqlangan smetalarga muvofiq maqsadli foydalanib, sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport ishlarini samaradorligiga e’tibor qaratdi.
Bu yilgi g‘oliblar soni o‘tgan yildagilarga qaraganda ko‘proq bo‘ldi. Xususan, tahlillarga ko‘ra kasaba uyushma a’zolarining soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning 3 o‘rin sohiblari “O‘zbektelekom” AK Samarqand (298 ball) va Navoiy (297 ball) filiallari boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlariga nasib etdi. Sovrinli ikkinchi o‘ringa Toshkent shahridagi INXA universiteti (364 ball) va “O‘zbektelekom” AK (363 ball) boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari ega bo‘lishdi.
Muxammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filiali (373 ball) va “O‘zbekiston pochtasi” AJ Toshkent filiali (372 ball) boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashilotlari ko‘rik tanlovning birinchi o‘rnini egallab respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Shuningdek, kasaba uyushma a’zolarining soni 100 nafargacha bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda AT “Aloqabank” Nukus filiali (231 ball) boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti 3 o‘rinni, Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotiga (285 ball) 2 o‘rinni egalladi.
Ko‘rik tanlovning birinchi o‘rin sohibi “Matbuot tarqatuvchi” AK (317 ball) boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti qo‘lga kiritib final respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Mazkur ko‘rik-tanlov g‘oliblarini muborakbod etamiz.