Bugun, 13 avgust kuni eng ulug‘ va eng aziz bayramga atab Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Qushbegi va Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino mavzelarida 210 xonadonli 4 ta to‘qqiz qavatli turarjoy binolari foydalanishga topshirildi.
Mazkur turarjoy binolarining bayramona bezatilgan hovlisiga birin-ketin mehmonlar kelishdi. Tashrif buyuruvchilarning yuzlarida tabassum va xursandchilik aks etib turibdi. Ayniqsa, bayram arafasida uylik bo‘lgan soha xodimlarining quvonchlari dunyoga sig‘maydi.
Ularning shodliklariga ochilish marosimiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjaev, Dilbuloq mahallasi raisi Bahodir Ayupov, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar sherik bo‘lishdi. Mehmonlar uy sohiblarini muborakbod etishdi, ezgu tilaklar bildirishdi.
– Yurtimizda bayram shukuhi kezib yuribdi, – dedi marosimda so‘zga chiqqan AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. – Yaqinda Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. Tarix uchun bu qisqa muddat, ammo shu muddat ichida bir avlod voyaga etdi. Mana bugun topshirilayotgan qo‘p qavatli turarjoylar istiqlol yillarida soha xodimlari uchun bunyod etilgan ilk uylar hisoblanadi. Umuman olganda, butun mamlakatimiz miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi 4-5 yilda bunday uylar minglab yurtdoshlarimizga topshirildi va aholining farovonligiga xizmat qiladigan bunday shinam turarjoylar bunyod etilishi jadal bormoqda. Bundan va barcha jabhalarda erishilgan yutuqlar bilan har qancha faxrlansak arziydi. Pandemiya sohamiz jamiyat rivoji uchun nechog‘liq zarurligini yaqqol ko‘rsatdi va sinovdan o‘tkazdi. Sohada uzoq yillar ishlab kelayotgan, turarjoyga ehtiyoji bor aloqachilarga 210 xonadon topshirlayotganidan albatta xursandmiz. Barchangizga yangi uylar muborak bo‘lsin!
– AKT vazirligining soha xodimlariga ko‘rsatgan bunday g‘amxo‘rligi e’tiborga loyiq, – dedi Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov. – Aloqachilar, xususan, «O‘zMobayl» filiali tumanimizdagi «Damariq» mahallasida maqtagulik ishlarni amalga oshirdi. Mahalladagi uy hovlilarida yangi bolalar maydonchasi tashkil etildi. Uylarning old qismida «Work out» ko‘rinishdagi sport maydonchasining qurilish hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu jumladan, 3 ta bolalar maydonchasi ta’mirlanib, 2 ta yangi bolalar maydonchasi barpo etildi. Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan Elektron kutubxonani jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda va 150 dan ziyod elektron kitoblar sovg‘a qilindi. Mana ko‘rib turibsizlar, tumanimizning ushbu mavzesi obod va ko‘rkam maskanga aylandi. Quruvchilarga ham rahmat. Yangi uy egalariga Yakkasaroyimizga xush kelibsizlar, deymiz, uylar muborak bo‘lsin.
– Soha xodimlariga taqdim etilayotgan uylar mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjaev. – Eng asosiysi, yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlar xodimlarning ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Negaki, oilasi farovon insonda halovat bo‘ladi, ko‘ngli xotirjam insonning esa faoliyatida unum bo‘ladi.
Topshirilgan yangi binolarning birinchi qavatida, shuningdek, 250 va 218-elektron avtomat telefon stantsiyalari joylashgan bo‘lib, bu nafaqat turarjoy majmualari aholisi, balki ushbu mavzelarda yashovchilar uchun ham telefon xizmatlaridan foydalanish borasida qulayliklar yaratadi. Uylarning old qismida avtomobillar uchun alohida to‘xtash joyi, bolalar uchun maxsus o‘yingohlar qurilgan.
Xonadonlar egalariga tantanali ravishda uy kalitlari topshirildi. Mehmonlar «O‘zbektelekom» AK xodimi Akmal Mahmudov xonadonida bo‘lishdi. Akmaljon va uning turmush o‘rtog‘i Manzura 20 yildan buyon aloqa sohasida mehnat qilib kelishadi. Ular Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olishgan. Bu yil ular uchun qo‘shaloq tuhfalar ko‘p bo‘ldi – mehnat qilayotganlariga 20 yil, turmush qurganlariga 15 yil bo‘ldi. Mana bugun esa Istiqlol bayramining 30 yilligi arafasida 4 xonali uy sohibi bo‘lishdi.
– Quvonchimiz cheksiz, – deyishdi ular biz bilan suhbatda. – Farzandlarimiz Shohjahon va Javlonbeklarning xursandchiliklarini aytmasizmi?.. AKT vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz.
Darhaqiqat, yangi uy sohiblarining hayajoniyu quvonchi, qalblaridagi shukronalik bizga ham o‘tdi. Havas qildik. Vatan ichra vatanli, uyli bo‘lgan yurtdoshlarimizga «Yangi uylar muborak bo‘lsin!», deymiz.
Ushbu maqola xabar.uz saytidan olingan.