Joriy yil 29 aprel kuni “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filialida, 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan hamda “Mehnatni muhofaza qilish haftaligi” doirasida, Aloqa tarixi muzeyida haftalikka bag‘ishlangan videoseminar bo‘lib o‘tdi.
Videoseminarga “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filiali direktor o‘rinbosari A.Nuritdinov raislik qildi. Videoseminarda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik), mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi xizmati etakchi mutaxassisi M.Usmanovga ma’ruza qilish taklif etildi.
Ushbu videoseminarda Aloqa tarixi muzeyidan “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filiali ishchi-xodimlari, viloyat markaziy studiyalaridan hududiy bog‘lama boshliqlari hamda muhandis-texnik xodimlar ishtirok etdilar.
Dastlab videoseminarda “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filiali mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi guruhi boshlig‘i N.Kurbaniyazov 2020 yil davomida va 2021 yil 1-choragida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha bajarilgan ishlar, amalga oshirilgan tadbirlar hamda qilingan sarf-harajatlar to‘g‘risida axborot berdi. Shundan keyin, “Mehnatni muhofaza qilish haftaligi”ni o‘tkazishdan maqsad va vazifalar to‘g‘risida qisqacha tushintirish berdi.
Vazirlikning mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi xizmati etakchi mutaxassisi M.Usmanov so‘zga chiqib, Xalqaro mehnat tashkilotini tashkil etilish tarixi, uni asosiy ish vazifalari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Qonun va qonun osti hujjatlari to‘g‘risida, fuqarolik-huquqiy kelishuvga asosan ishchilarni yollash, ularga o‘z vaqtida yo‘l-yo‘riqlar berilishi hamda shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash tartiblari to‘g‘risida aytib o‘tdi.
Filial direktor o‘rinbosari A.Nuritdinov so‘zga chiqib, tarmoqni ekspluatatsiya qilish, qurish va rivojlantirish jarayonida xodimlar mehnat muhofazasi bo‘yicha qoida, nizom, yo‘riqnoma va me’yorlar talablariga qat’iy rioya qilishlarini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu ishlarni o‘z vaqtida nazorat qilish tarkibiy bo‘linma rahbarlari hamda hududiy bog‘lama boshliqlari zimmasida ekanligini hamda har qanday turdagi ishlar naryad va naryad-topshiriq asosida olib borish kerakligini aytdi.
Videoseminar so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.