2020 yil 29 dekabr kuni Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida bu yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilindi.
Prezidentimiz 2020 yil 25 dekabr kuni Yoshlar forumida yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, yoshlarga, ularning kuch-g‘ayratiga va azmu shijoatiga suyanishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Forumda juda ko‘plab sohalar qatori axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi oldiga ham bir qancha vazifalar qo‘yildi. Ana shu vazifalardan kelib chiqqan holda Respublika kengashi Vazirlik bilan hamkorlikda o‘z oldiga muhim vazifalarni belgilab oldi.
Shundan kelib chiqib, bugun 13 fevral kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki (IT Park) majmua shou-rumida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Axborot texnoligiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi hamda soha kompaniya, jamiyat, korxona, tashkilot va muassasalari rahbarlari bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiya tizimlarida faoliyat yuritayotgan hamda soha tizimidagi o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqotda Vazir so‘z olib, qator dolzarb masalalarni o‘rtaga tashladi. Xususan, eng muhim yo‘nalishlardan biri axborot texnologiyalari sohasida etuk kadrlar tayyorlash ekanini qayd etdi. Chunki, dunyo bo‘ylab kun sayin yangi va yangi nou-xaular yuzaga kelmoqda, jahon iqtisodiyotining raqamlashuvi va boshqa ko‘plab omillar texnologiyalar sohasi oldiga yuksak vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shu tendentsiyani yaxshi tushungan tizim jamoasi mamlakat yoshlarini jahon maydonida mustaqil va qat’iy yondashuviga ega bo‘lgan, ma’naviy va jismonan barkamol bo‘lib etishishlari, zamonaviy yuqori texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish masalalariga katta e’tibor qaratmoqda.
Uchrashuvda yoshlarning tashubbuslari juda muhim ekanligi ta’kidlandi. Tizimda yoshlar bilan alohida ishlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, vazirlik tizimidagi rahbarlarga yoshlar masalasini o‘zi uchun ustuvor vazifa qilib belgilab olishi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid takliflar, mulohazalar bildirildi. Vazir Shuhrat Sodiqov ular tomonidan bildirilgan tanqidiy mulohazalar yuzasidan sohadagi tegishli korxonalar rahbarlariga topshiriq berar ekan, ayrim iqtidorli yoshlarning takliflarini shaxsan o‘zi bafurja ko‘rib chiqishga tayyorligini, lozim topilsa, ularning amaliyotga joriy qilinishi ustida ish olib borilishini qayd etdi.
Yoshlarning maqsad-muddaolarini yaqindan bilish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etish maqsadida tashkil etilgan ushbu muloqot salkam uch soat davom etdi, videokonferensaloqa orqali viloyatlardagi yoshlardan ham dolzarb takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida Vazirlik stipendiyasi qo‘lga kiritganlarning va o‘z fidoiy mehnati uchun Vazirlik tomonidan minnatdorchilikka sazovor bo‘lgan yoshlarninig taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq o‘tgan muloqotdan so‘ng yoshlar uchun IT-Park hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi.