Qonunning mazmun mohiyati tushuntirildi

“UNICON.UZ” - Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida” qonunining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida davra suhbati o‘tkazildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan markaz kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi X.Rasulova, yuriskonsulьt M.Turgunov va O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalari xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining bosh yuriskonsulьti A.Axmedovlar yig‘ilish qatnashchilariga atroflicha ma’lumot va tushuntirish berdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 24 oktyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 30 noyabrda ma’qullangan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida” Qonuni 2019 yil 6 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan. Ushbu Qonun 9 ta bob 56 ta moddadan iborat bo‘lib, u kengaytirilgan va mazmunan boyitilgan hamda avvalgi qonunga nisbatan bir qator aniq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan normalarni o‘z ichiga olgan.

Yangi Qonunda kasaba uyushmalarining mustaqilligi yanada mustahkamlangan. Jumladan, Qonunning 12-moddasida, davlat kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlashi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishini ta’minlashi, kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatiga aralashishga, shu jumladan ularning faoliyati to‘g‘risida biror-bir hujjat taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatini davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar tashabbusiga ko‘ra tugatishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

“Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi qonunda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga alohida bob bag‘ishlangan bo‘lib, unda jamoatchilik nazoratining turlari birma-bir alohida-alohida moddalarda yoritilgan.  

Davra suhbati interfaol ko‘rinishda savol va javoblar tariqasida o‘tkazildi.