Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 11 yanvar kuni Respublika kengashining Ijroiya qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish Respublika kengashi raisi A.Ishanxodjaev tomonidan kun tartibini tanishtirish hamda unga qo‘yilgan masalalarni tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlanish yili”da amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama etildi.

Yig‘ilishda ish jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari raislariga tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda kamchiliklarni bartaraf etish borasida aniq tadbirlar belgilab olindi.

Bular:

- “Kasaba uyushmalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi” mavzusida huquqiy seminar tashkil etish;

- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibiga rioya qilish va har bir murojaat bilan shaxsan tanishish, to‘liq va asosli javob qaytarish;

- mehnat jamoalarida qabullar va “ochiq muloqotlar” kunini belgilash, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini tizimli olib borish;

- zamonaviy elektron vositalardan va interaktiv xizmatlardan unumli foydalanish;

- mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasini yaxshilash bo‘yicha tadbirlar tahlilini o‘tkazish hamda qo‘mita yig‘ilish muhokamasiga kiritish;

- bir oy muddatda ish beruvchi bilan hamkorlikda akkreditatsiyadan o‘tgan litsenziyaga ega tashkilot bilan shartnoma tuzgan holda mehnat muhofazasi mutaxassislarini hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha vakillarni o‘qitish.

Shuningdek, yig‘ilishda  tarmoq kasaba uyushmasining IX-Qurultoyida, yangi tahrirdagi O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasining Ustavi tasdiqlanganligi hamda 2020 yilning 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 432 p-son raqam bilan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganligini hamda shu asosda Respublika kengashi Ijroiya qo‘mitasi tarmoq kasaba uyushmasi faoliyatiga doimiy (joriy) rahbarlikni amalga oshiruvchi organ bo‘lib, Rayosat o‘rniga joriy etilgani hamda 2020 yilning 12 noyabrdan faoliyatini boshlagani ma’lum qilindi.

Shu munosabat bilan, “O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi apparatida va kasaba uyushma boshlang‘ich tashkilotlarida ish yuritish bo‘yicha Yo‘riqnoma” qoidalarini yangi tahrirdagi Ustav talablariga asosan qayta ko‘rib chiqilgani e’lon qilindi.

Yig‘ilishda Respublika kengashi Ijroiya qo‘mitasining ish jarayonida qabul qilingan qarorlari tasdiqlandi va ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.