Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarning samarasi bugun jamiyatimiz hayoti va xalqimiz turmushidagi ijobiy o‘zgarishlarda yaqqol namoyon bo‘lyapti.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va hayotga izchil tatbiq etilayotgan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ni amalga oshirish doirasida olib borilayotgan ulkan ishlar hayotimizda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ishlab chiqarishning turli jabhalarida mehnat qilayotgan xodimlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar ham taraqqiyotimizga mos ravishda yaxshilanib boryapti.
Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ijtimoiy sheriklik tamoyili asosida “O‘zbektelekom” AK bilan hamkorlikda yangi muddatga qabul qilingan Yagona jamoa shartnomasi orqali mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, ularni bandligini ta’minlash, mehnat muhofazasi yo‘nalishidagi ishlar sifatini oshirish, xodimlar va ularning oila a’zolari turmush farovonligini yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, har yili “O‘zbektelekom” AK tizimidagi filiallar direktorlari va bosh buxgalterlarini malakasini oshirish, faoliyatlarini yanada samarali tashkil etishda uslubiy va amaliy yordam berish borasida o‘quv tashkil etiladi.
Bu yilgi o‘quv mashg‘ulotlari Toshkent viloyati, Qibray tumanida yangitdan barpo etilgan “Navbahor” sog‘lomlashtirish maskanida tashkil etilgan bo‘lib, o‘quv jarayonidan bo‘sh vaqtlarda ishtirokchilarni sog‘lomlashtirish va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri tomonidan o‘quv dasturi tasdiqlangan.
Mazkur o‘quv dasturi mavzulari bo‘yicha Oliy Majlis deputatlari, Senatorlar, turli yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan professorlar jalb etilgan.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi A.Ishanxodjaev tomonidan o‘quv mashg‘ulot ishtirokchilariga Vazirlik va “O‘zbektelekom” AK raxbariyati bilan ijtimoiy sheriklik borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan mehnat qonunchiligi talablariga hamda Xalqaro mehnat tashkilotining asoslovchi konventsiyalariga rioya etish, ish haqini o‘z vaqtida to‘lanishi, eng kam mehnat haqi Yagona tarif setkasining birinchi razryadi stavkasidan kam bo‘lmasligi ustidan nazoratni kuchaytirish, mehnatga haq to‘lash fondining tarif qismi va tarifga qo‘shimcha qismi o‘rtasidagi maqbul nisbatni jamoa shartnomalari vositasida o‘rnatilishini ta’minlash ishlariga ham e’tibor qaratilganligini alohida qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun, Tarmoq kelishuvi, Yagona jamoa shartnomasi va Respublika kengashi tomonidan ishlab chiqilgan Uslubiy qo‘llanma chop etilib barcha boshlang‘ich tashkilotlarga etkazilganligini ma’lum qildi.
Respublika kengashi bosh mutaxassisi Yu.Gapurov Kasaba uyushmalari tomonidan xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ayniqsa yangi taxrirdagi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunni va 2019-2020 yillar mobaynida qabul qilingan Farmonlar, Qarorlar mazmun-mohiyatini slaydlar orqali, ayniqsa kasaba uyushmalari inspektsiyalari borasida tushuntirishlar berildi.
Kompaniya bo‘yicha 2020 yilda mehnat muhofazasi tadbirlarini amalga oshirish, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda xodimlar tomonidan berilgan ariza va shikoyatlarni taxlili yuzasidan axborot berildi.
Asosiy e’tibor bugungi kunda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va qonuniy haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy madaniyatini oshirish, filiallarda mehnat munosabatlari, bandlik va mehnat muhofazasiga oid qonun hujjatlarida nazarda tutilgan kafolatlarni Yagona jamoa shartnomasi orqali yanada rivojlantirish va takomillashtirish orqali amalga oshirish davr talabi ekanligi qayd etildi.
O‘quv mashg‘ulot ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga aniq tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Mashg‘ulot yakunida A.Ishanxodjaev kelgusida xodimlarni huquqiy va ijtimoiy himoyasi yuzasidan ishlarni yanada samarali olib borishga Respublika kengashi hamkorlikka hamda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.