O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqqa Murojaatnomasi hamda «Yoshlar forumi»da belgilab berilgan vazifalar yuzasidan yoshlar tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan rahbarlar uchun davlat idoralari rahbarlari ishtirokida ikki kunlik o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur o‘quv-seminarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hamda AKT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarning rahbarlari ishtirok etdi.
Forumda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi oldiga bir qancha vazifalar qo‘yilgani ma’lum qilindi.
Jumladan, yoshlar va mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiluvchi «Yoshlar murojaati» elektron platformasini yaratish, yoshlarni AKT sohasiga yanada qiziqtirish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilda 100 dan ziyod shahar va tumanda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatida Axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududlarda mazkur yo‘nalishda texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2021 yildan boshlab xalqaro «IT» sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.
Keyingi ikki yilda «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 300 ming yoshlarni kompьyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish, masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini yaratadigan «Onlayn, Raqamli, Xavfsiz ixtisoslashtirilgan maktab», «Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish» axborot tizimlar yaratiladi va ishga tushiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Xorazm va Namangan viloyatlarida IT Park filiallari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
2020 yilda 14 ta informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etildi va jihozlandi. Shuningdek, 2021 yilda — 82 ta, 2022 yilda — 64 ta va 2023 yilda — 45 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
"Xabar" gazetasining 2021 yil 8-yanvardagi 1(1475)-sonidan olingan.