Safimiz kengaymoqda

Bugungi kunda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi oldida turgan ustuvor vazifalardan biri bu - soha yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari xodimlarini ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqiy himoyasini ta’minlashdan iborat.

Shu bois, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida soha tizimida yangi tashkil etilayotgan korxona va tashkilotlar mehnatkashlarini ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqiy himoyasini ta’minlash choralari ko‘rilib, mehnat jamoalarida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari negizida 50 taga yaqin yangi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarini tuzilishiga erishildi.

Respublika kengashining mas’ul xodimlari tomonidan yangi tuzilgan boshlang‘ich tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitasiga birinchi galda amaldagi Bosh va Tarmoq, Tarif kelishuvlari asosida jamoa shartnomasi loyihasini ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xali tashkil topganiga ko‘p vaqt o‘tmagan yangi tuzilgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan bugungi kunda ilk tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ularning biri, yosh avlodni kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ma’naviyatini rivojlantirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini, milliy qadriyatlar va an’analarga bo‘lgan hurmatini mustaxkamlash maqsadida Olmazor tumani axborot kutubxona markazi kasaba uyushmasi tomonidan 261-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan davra suhbati bo‘ldi.

Davra suhbatida o‘quvchilar hammamiz uchun sevimli bo‘lgan shoirimiz Erkin Vohidovning “O‘zbegim” deb nomlangan she’riy to‘plamidan o‘zlari yoqtirgan muxammaslar, dostonlar, hajviyalar va she’rlar haqida bir-birlari bilan o‘zaro fikr almashdilar.

Joriy yilning 21-dekabr kuni Sergeli tumani axborot-kutubxona markazining o‘quv zalida kasaba uyushmasi tashkiloti tomonidan "Ziyo istagan qalblar uchun" nomli o‘tkazilgan tematik kechada el-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lgan Usmon Nosir, Fitrat, Furqat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi shoir-yozuvchilar xayot yo‘llari, ijodlari bilan yoshlarimizni tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Sergeli tumani axborot-kutubxona markazining boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti yosh kitobxonlar uchun Ernst Teodor Amadey Gofmanning "Qarsildoq" nomli kitobning taqdimotini tashkillashtirdi.