O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining o‘z oldiga qo‘ygan qator maqsad-vazifalaridan biri bu soha tizimidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar hamda aloqa yo‘nalishidagi ta’lim maskanlarida tahsil olayotgan yoshlarimizni ijtimoiy, iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, munosib mehnat sharoitini yaratish va bandligini ta’minlash, siyosiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, ularni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, yosh avlod kamoloti va ular salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilishi yotadi.
Bugungi kunda aloqa sohasi korxona va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan hamda ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarimizni birlashtirib turgan “Yoshlar birlashmasi” tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bugungi kun yoshlari turli jamoat tashkilotlari, madaniy markazlar, davlat va nodavlat tashkilotlari ishida ishtirok etish orqali o‘zlarining ijtimoiy faolligini namoyon qilishga intilmoqdalar.
Yoshlarga oid davlat siyosatining maqsadi ham yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yo‘lida imkoni boricha to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iboratdir.
Albatta, iste’dodning yuzaga chiqishi, salohiyatning namoyon bo‘lishi uchun muayyan sharoit va imkoniyat zarur. Mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasi o‘laroq, bugungi kunda o‘zining iste’dodi, salohiyati bilan jahon ilm-fani, madaniyat, san’at va sport olamiga dadil kirib borayotgan yoshlarimiz talaygina.
Ana shunday yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan “Sport-salomatlik kuni” shiori ostida sportning ommaviy turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilib, g‘oliblar munosib rag‘batlantirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ziyo farm va O‘zbekiston tibbiy ko‘ngillilar jamiyati tomonidan “Xayotni qutqar” loyixasi ostida masster klass o‘tkazildi.
Amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlar, farzandlarimizni Vatan tuyg‘usini chuqur anglaydigan, irodasi mustahkam va yuksak ma’naviyatli bo‘lib kamol topishlariga xizmat qiladi.
Yoshlar — iftixorimiz. Ular ertangi kunimizning ishonchi va tayanchi.
Shu bois navqiron avlodga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan bo‘lib, kasaba uyushmalarining doimiy e’tiboridadir!