2020 yilning 17 noyabr kuni “INFOLIB UZBEKISTAN-2020” IX Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida videokonferentsiya aloqa tizimi orqali tadbir o‘tkazildi.
2020 yilning 17 noyabr kuni “INFOLIB UZBEKISTAN-2020” IX Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida videokonferentsiya aloqa tizimi orqali o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat hamda yangi tuzilgan shahar, tuman axborot-kutubxona markazlari rahbarlari mas’ul xodimlari, Milliy kutubxona ilmiy-uslubiy xizmati mutaxassislari bilan uchrashuvda ilmiy-uslubiy faoliyatni tashkil etish va o‘tkazish, yosh mutaxassislarning malakasini oshirish va axborot-kutubxona faoliyatining barcha sohalari uchun chorak hisobotlarni tuzish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish bo‘yicha zarur tavsiyalar oldilar. Milliy kutubxona direktori U.A.Teshabaeva axborot-kutubxona muassasalarining ijtimoiy tarmoqlarida taniqli yozuvchi va mutafakkirlarning ijodiy merosini targ‘ib etish bo‘yicha qimmatli maslahatlar berdi.
Shuningdek O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi Yu.Gapurov Joriy yilning mart oyidan amalga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqiy himoyasini ta’minlash borasida 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Tarmoq kelishuvi qabul qilinganligini ma’lum qildi. Ushbu Tarmoq kelishuvi asosida AKMlarda yangi muddatga jamoa shartnomalari loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Videokonferentsiya ishtirokchilari tomonidan xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat munosabatlari yuzasidan berilgan savollarga huquqiy tushuntirishlar hamda tegishli maslahatlar berildi.
A.Navoiy nomidagi Milliy kutubxona
kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi
L.Narziev