Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xuquqiy islohotlar va tubdan yangilanishlar samarasi bugun jamiyatimiz hayoti va xalqimiz turmushida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Inson manfaatlarini ta’minlashga va turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tizimli ishlar natijasida yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi va tashabbuskorligi tobora ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining “...xalq bilan uzluksiz muloqot va inson manfaatlari uchun xizmat qilish, barcha darajadagi rahbarlar uchun nafaqat majburiyat, balki hayotiy tamoyilga aylanishi shart” degan so‘zlari qat’iy vazifa sifatida davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining zimmasidagi mas’uliyatni ham bir necha barobarga oshirdi.
Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘tgan davrda soha xodimlari uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, mehnatga haq to‘lash va uni adolatli me’yorlashtirish, belgilangan tartibda kafolatlangan ish haqi miqdorini ko‘paytirib borish, ijtimoiy himoya, huquqiy himoya va huquqiy savodxonlikni oshirish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratib, zarur choralarini ko‘rdi.
Natijada ish haqining tarmoq va tarif kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilangan darajadan kam bo‘lmasligini ta’minlashga erishildi. Bu boradagi tadbirlarni sifatli amalga oshirishda tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari ham faol ishtirok etib, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashdi.
Hududlarda xodimlarning mehnat va bandlik sohasidagi huquqlarini himoyalash, yangi va qo‘shimcha ish joylarini yaratish bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Xususan, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tizimida amalga oshirilgan optimallashtirish ishlari natijasida 50 foizga yaqin xodimlar soni qisqartirish, qolganlarini esa to‘liqsiz shtat birliklariga o‘tkazish holatlari aniqlandi.
Yuzaga kelgan og‘ir vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zbekiston pochtasi” AJ raxbariyati bilan hamkorlikda pochta aloqa bo‘limlarida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali xizmatlarning turi kengaytirildi. Natijada xodimlarni bosqichma-bosqich to‘liq shtat birliklariga o‘tkazish va ish joylarini qayta tiklashga erishildi.
Boshlang‘ich tashkilotlarning saylanma organlari faollari, kasaba uyushmasi a’zolari hamda ish beruvchilarning huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida mehnat xuquqiga oid 15 tadan ortiq qo‘llanma va yo‘riqnomalar tayyorlanib, joylarga etkazildi.
Korxona va tashkilotlarda mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi bo‘yicha jamoatchilik komissiyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, nizoli holatlarning oldini olish hamda huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida “O‘zbektelekom” AK va “O‘zbekiston pochtasi” AJning filiallarida 100 taga yaqin o‘rganishlar o‘tkazildi, tayyorlangan ma’lumotlar Respublika kengashi Rayosatining 12 ta yig‘ilishida muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilinib, ijrosi nazoratga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi aloqa korxonalaridagi mehnat sharoitlari, jamoa shartnomalari orqali berilayotgan imtiyozlar va mehnat muhofazasiga oid tadbirlarining bajarilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy chuqur o‘rganib chiqildi. Bu jarayonda asosiy e’tibor chekka hududlardagi aloqa ob’ektlari va pochta aloqa bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda mavjud muammolarni aniqlash va ularni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratildi.
Bundan tashqari, joylarda xodimlar bilan “Ochiq muloqot” tarzida ko‘plab uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Muloqotlar davomida har bir xodimning fikr va mulohazalari, takliflari, uni qiynayotgan masalalar xususidagi murojaatlari qabul qilinib, ularga echim topish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, Surxondaryo viloyati Axborot kutubxona markazi xodimlari N.Xolmurodova va boshqalarning mehnat xuquqlari tiklanib, ular o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. Shuningdek, “O‘zbektelekom” AK Jizzax filiali xodimlari F.Avyasova, S.Norboev, “TShTT” filiali muhandisi M.Norqulova, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Qashqadaryo filiali xodimi I.Emirov kabi 30 ga yaqin soha xodimlari ham avvalgi ishlariga tiklandi.
Xodimlarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga hamda qabul qilingan qonun xujjatlari bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga jiddiy e’tibor berildi. Bu davrda o‘tkazilgan huquqiy mavzudagi tadbirlar, seminar, konferentsiya, o‘quv mashg‘ulotlari va davra suhbatlari soni 192 tani tashkil etdi. Amaldagi qonun xujjatlarini takomillashtirishga va yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlariga 21 ta yozma takliflar berildi. Joylarda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish xaqida ish beruvchilarga 30 tadan ortiq taqdimnoma kiritildi va bajarilishi nazoratga olindi.
Tarmoq tarkibidagi yirik korxona va muassasalar boshlang‘ich tashkilotlariga, yuridik hamda kadrlar bo‘limi xodimlariga mehnat qonunchiligini qo‘llash bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Hisobot davrida Respublika kengashida 201 ta yozma murojaat, 579 ta og‘zaki (shaxsiy qabul va telefon orqali) murojaat hamda boshlang‘ich tashkilotlardan tushgan 138 ta xat va arizalar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, kengashga kelib tushgan murojaatlarning 90 foizdan ko‘prog‘i qanoatlantirildi. 20 nafardan ortiq xodimlarning mehnat xuquqlari sudlarda himoya qilinib, ijobiy natijalarga erishildi.
Respublika kengashiga tushgan murojaatlarning tahliliga ko‘ra, korxona va tashkilotlarda xodimlarning mehnatiga va mehnat muhofazasiga oid qonun xujjatlariga qat’iy rioya qilish, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, mehnat va ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha kasaba uyushma boshlang‘ich tashkilotlarining jamoatchilik nazorati talab darajasida emas.
Xodimlarning haq-huquqini himoyalashga bundan buyon ham bor e’tiborimizni qaratamiz. Respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli xuquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini bevosita mehnat jamoalarida tushuntirish ishlarini tizimli ravishda olib borishimiz zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 259-266-moddalariga asosan korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalarning a’zolarini, yuridik hamda kadrlar bo‘limi xodimlarini hamda kasaba uyushma boshlang‘ich tashkilotlarning yangi saylangan rahbarlari va faollarining malakasini va mehnat qonunchiligini qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmasini oshirishga alohida e’tibor qaratamiz.
Zero, ushbu vazifalar – faoliyatimizning oliy maqsadi va ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Asror IShANXODJAEV,
Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya
xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi