“COVID-19” pandemiyasiga qarshi kurashda barcha birdek oyoqqa turdi. Karantin paytida aholini ham ruhan, ham moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, keksalarning hayot darajasini yaxshilash, mehnat faxriylariga ijtimoiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish har bir tashkilotning ustuvor vazifasiga aylandi.
“O‘zbektelekom” aktsiyadorlik kompaniyasining “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filiali kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ham pandemiya davrida ezgu ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, “TShTT” filialida 50 nafar aloqa sohasida fidoyilik bilan mehnat qilib nafaqaga ketgan yolg‘iz, nogiron, betob yotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Bunday xayrli ishlar bayramlarda ham davom etdi. Masalan, joriy yilning 9 may sanasi arafasida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan va halol mehnati bilan “TShTT” filialida faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan to‘rt nafar faxriyga bayramona kayfiyat ulashish uchun guldastalar, qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa filialda faol faoliyat olib borib, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yosh xodimlar 30 iyun – Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan faxriy yorliqlar va pul mablag‘lari bilan taqdirlandi. Undan sal oldinroq ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyaga va parvarishga muhtoj farzandlariga Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini kutib olish va uni o‘tkazish maqsadida taqdim etilgan ro‘yxatga asosan moddiy yordam ajratildi.
Xodimlar o‘rtasida koronavirus tarqalishining oldini olish va salomatligini ta’minlash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ichki imkoniyatdan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich bugungi kunda ish joylarida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar o‘rnatilgan tartibda koronovirus infektsiyasini aniqlash bo‘yicha, tibbiyot muassasasi bilan tuzilgan shartnomalarga asosan, PTsR (polimeraza zanjiri reaktsiyasi) tahlilini topshirishdi.
Respublikamiz bo‘ylab turistik sayohatlar uyushtirish, mamlakatimizda turizmni izchil rivojlantirish istiqbollari, sayyohlik ob’ektlaridan samarali foydalanish, yurtimizning diqqatga sazovor joylariga sayyohlik ko‘lamini oshirish maqsadida joriy yilning sentyabr va oktyabr oylarida “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filial va uning tasarrufidagi bog‘lamalarda ishlayotgan tajribali va malakali 98 nafar xodim uchun Afrosiyob poezdida Buxoro shahriga sayohat tashkillashtirildi.
Shu bilan birga, ma’naviy tadbirlar ham muntazam ravishda o‘tkazib borilmoqda. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘lishi va mazkur sana joriy yilda ilk marta O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanishi munosabati bilan 15 oktyabr kuni “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filialida karantin qoidalariga rioya qilgan holda Toshkent viloyati “Turon” axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda “Til millat ko‘zgusi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Suhbat davomida tadbir ishtirokchilariga mavzuga oid savollar berildi va faol qatnashganlarga kasaba uyushmasi tomonidan esdalik uchun kitoblar sovg‘a qilindi.
J.ABDIMO‘MINOV,
“TShTT” filiali kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi