O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmasi Ustavlarida kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlar har 5 yilda bir marta o‘tkazilishi, kasaba uyushma organlari 5 yil muddatga saylanishi belgilab qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tizimidagi kasaba uyushma organlarida joriy yilning fevralь-mart oylarida hisobot-yig‘ilishlari, konferentsiyalari, avgust oyida esa IX-Qurultoyi o‘tkazilishi rejlashtirilgan.
Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashining 2020 yil 25 yanvardagi 16-6 sonli Rayosat qaroriga ko‘ra tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida lokal me’yoriy hujjatlarga qat’iy rioya etilgan holda hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferentsiyalarini bo‘lib o‘tmoqda.
Hisobot-saylov yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan asosiy masalalardan biri kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2015 yil fevraldan 2020 yil fevralgacha bo‘lgan davr mobaynidagi faoliyati va navbatdagi vazifalari to‘g‘risidagi masala bo‘lib, unda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasi, mehnati muhofazasi, bandlik, mehnatkashlar va ularning oila a’zolari ma’naviyatini yuksaltirish, sog‘lomlashtirish masalalari yuzasidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislarining hisobotlari tinglanmoqda.
Bugungi kunga qadar tizimdagi 25 ta boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari bo‘lib o‘tib, 8 tasida (5 nafari ayollar) kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari yangitdan saylandi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisligiga tavsiya etilgan nomzodlar kamida 2-3 nafarni tashkil etib, hisobot-saylov konferentsiyalari muqobillik asosida o‘tkazildi.
Umumiy yig‘ilish(konferentsiya)larda ishtirok etgan xodimlar va delegatlar tomonidan quyidagi takliflar kiritildi:
- sport tadbirlari va musobaqalarini tizimli tashkil etish, ayniqsa hududiy tarkibiy bo‘linmalari xodimlari ishtirokini ta’minlash;
- kam sonli kasaba uyushmasi a’zolariga ega bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlarga markazlashgan holda xodimlar gimnastikasiga hos bo‘lgan sport anjomlari bilan ta’minlash;
- kasaba uyushmasi a’zolik badallari taqsimotini qayta ko‘rib chiqish, BKUTda qoladigan mablag‘larni ko‘proq qoldirish evaziga sport anjomlarini harid qilish, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari va kasb maxorati bo‘yicha ko‘rik tanlovlarni muntazam o‘tkazib borish orqali iqtidorli xodimlarni moddiy rag‘batlantirish.
- OAV orqali, ayniqsa televidenie va ijtimoiy tarmoqlar orqali kasaba uyushmasi tashkilotlari nufuzini oshirish borasida huquqiy va ijtimoiy himoya mavzusida turli xildagi video roliklar tayyorlash hamda namoyish etish. Mazkur takliflar O‘zKUFK taqdim etildi.
Kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishiga Respublika Kengashi apparatining mas’ul xodimlari ishtirok etib, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini yanada kuchaytirish, respublikada olib borilayotgan ishlarda kasaba uyushmalarining faol ishtirokini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar va ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib, bir qator vazifalar belgilab olinmoqda.