Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun viloyatdagi soha tashkilot va korxonalar tomonidan reja asosida master klasslar, seminar-uchrashuvlar o‘tkazilishi samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Rejaga ko‘ra, telekommunikatsiya yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya transport tarmog‘i” filialining 8-texnik bog‘lamasida bo‘ldi. Bog‘lama boshlig‘i Hamid Rahimov va muhandislari talabalarga “Optik tolali aloqa liniyalarining qurilish jarayonlari va ularga texnik xizmat ko‘rsatish (payvandlash)” mavzuida mahorat darsi o‘tkazishdi. Mahorat darsida kompyuter va telekommunikatsiya tarmoqlarida bir necha turdagi kabellar qo‘llanilishi haqida atroflicha nazariy va amaliy ma’lumotlar berildi. Jumladan, ekranlashtirilmagan o‘rama juft UTP (Unshielded Twister Pair), ekranlashtirilgan o‘rama juft STP (Shielded Twister Pair), koaksial kabel (“yo‘g‘on” yoki “ingichka”), optik tolali kabellarning tuzilishi va parametrlari ko‘rib chiqildi.
– Optik tolali kabel qattiq shisha qobiq bilan o‘ralgan va tashqi himoyaviy plastik qobiqqa ega bo‘lgan yupqa ixcham shisha tolalardan iborat ekanligini amaliyotda kuzatdik, – deydi 3-bosqich sardori Bekzod Hamraev. – Bitta kabelda bir necha yuzlab bunday o‘tkazgichlar bo‘lishi mumkinligi, ko‘p tolalar soniga ega bo‘lgan optik tolali kabel bo‘ylab ko‘p miqdordagi xabarlarni uzatish imkoniyati borligi, optik tolali kabel bo‘ylab ma’lumotlarni uzatish tezligi juda yuqori bo‘lishi, bunday kabellarning qimmat turishi va va undan kompyuter tarmoqlari telekommunikatsiyalarining magistral, yuqori tezlikli segmentlarni yotqizishda foydalanilish yuzasidagi bilimlarimizni mustahkamladik.
Mahorat darsi jarayonida optik aloqaning rivojlanish tarixiga nazar tashlanib, talabalar inson axborotlarni uzoq masofalarga uzatishda optik signallardan foydalanganligi, O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimining ko‘plab yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning juda ko‘p mamlakatlariga chiqadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro kanallari mavjudligi va bularda ham tolali optik va sun’iy yo‘ldoshli tizimlardan foydalanilayotgani haqida tushunchalarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, optik aloqaning asosiy yo‘nalishi tolali optik aloqa hisoblanishi, yuqori darajadagi uzatish xarakteristikalariga ega bo‘lgan nur o‘tkazuvchi tolalar ishlab chiqarilayotgani, axborotni tolali optik aloqa liniyalari orqali uzatish mis kabellar va boshqa uzatish muhitlariga qaraganda bir qancha afzalliklarga ega ekanligi, shu afzalliklari tufayli tolali optik aloqadan nafaqat telefon aloqasini tashkil etishda, balki televidenieda, ovoz eshittirishlarini uzatishda, hisoblash texnikasida, transport vositalari va boshqa sohalarda keng foydalanilayotganligi tushuntirildi.
Aftondil ISMOILOV,
“Xabar”ning Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri