O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashabbusi bilan Yangi yil bayrami munosabati bilan joriy yilning 28 dekabr kuni 49 nafar pochta xodimlarining Samarqand shahriga sayohati uyushtirildi.
Samarqand shahri qadimdan er yuzining sayqali deya e’tirof etib kelingan. Bu qadimiy shahar haqida juda ko‘p tarixiy manbalarda ma’lumotlar keltirilgan. Samarqand qadimdan o‘zining betakror go‘zalligi, ajoyib ob-havosi, shirin suvi va mazali nonlari bilan dunyoga mashhur shahar bo‘lgan. Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur davrida Samarqand gullab yashnagan, savdo-sotiq markaziga aylangan va eng yuksak kamolotga etgan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan savdogarlar va sayyohlar bu shaharni bir marotaba ko‘rishni orzu qilishgan. Hazrat Navoiy ham bu shaharda bo‘lib, uning betakror go‘zalligi haqida asarlarida yozgan. Ajoyib shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur ham Samarqand shahrini beqiyos qadrlagan. Evropa davlatlarining hukmdorlari bu shaharni ziyorat qilishni o‘zlari uchun sharaf deb bilganlar.
Oradan qancha asrlar o‘tsa hamki Samarqand hali xanuz odamlarni o‘ziga ohangrabodek jalb qilib kelmoqda. Mustaqillik sharofati bilan o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, urf-odatlari va an’analari tiklandi. YuNESKOning qaroriga asosan Samarqand muzey shahar deb e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sa’y-harakatlari bilan Samarqand shahri o‘zgacha chiroy ochdi. Imom Ismoil al-Buxoriy nomidagi majmuaning qaytadan obod qilinishi, tarixiy yodgorliklarimizni asrab-avaylash bo‘yicha qator chora-tadbirlarning qabul qilinishi Samarqandni chinakam tarixiy muzey shaharga aylantirdi.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashabbusi bilan Yangi yil bayrami munosabati bilan joriy yilning 28 dekabr kuni 49 nafar pochta xodimlarining Samarqand shahriga sayohati uyushtirildi.
Sayohat davomida sayohatchilar navqiron Samarqandning qadimiy tarixi va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik majmualari to‘g‘risida katta taassurotlarga ega bo‘ldilar.
Samarqand shahriga sayohatdan cheksiz taassurotlar bilan qaytdik, deydi, Yangiyo‘l tumani pochta aloqa bog‘lamasi pochtaloni Zuhra Xolova. Necha yillardan beri Samarqandga borishni qalbimga niyat qilib olgandim. Orzularim bayram arafasida amalga oshayotgani esa quvonchimga quvonch qo‘shdi. Bizga qaratilgan e’tibordan esa juda ham mamnun bo‘ldim.
Sayoxatimiz Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorati bilan boshlanib, Registon maydoni, Amir Temur, Shoxi zinda maqbaralari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi ziyorati bilan davom etar ekan mazkur tarixiy obidalar, ulardagi naqshinkor bezaklar, ganchkorlik namunalari ota-bobolarimizning ilm-fan taraqqiyotidagi qudrati va donishmandligi, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Shuningdek, Samarqandning noyob me’moriy obidalari hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shaharda barpo etilgan madaniy-ma’rifiy inshootlar, sayilgohlar va shaharda qad ko‘tarayotgan binolarni tomosha qilar ekanmiz, ko‘hna va hamisha navqiron shahar deya ta’rif beriladigan Samarqandning o‘tmishi qanchalik buyukligidan, keyingi yillarda bu erda amalga oshirilgan o‘zgarishlar uning shuhratini yanada oshganligiga guvoh bo‘ldik. Asosiysi, tarixi boy, kelajagi buyuk O‘zbekistonimizning farzandi, yuksak aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati bilan dunyoga mashhur ajdodlarning vorisi ekanimizdan faxrlandik.